Talabalar uchun nomli stipendiyalar ro‘yxati yangilandi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun nomli stipendiyalar ro‘yxati yangilandi. Bu joriy yilning 10 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida»gi farmonning 2-bandida nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, barcha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari “a’lo” (ko‘pi bilan 25 foizi “yaxshi”) bo‘lgan hamda ijodiy ishda qatnashadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs (keyingi o‘rinlarda – yuqori kurs) talabalari uchun quyidagi nomli davlat stipendiyalari ta’sis etildi:

  • texnika yo‘nalishlarida – Beruniy;
  • tibbiyot yo‘nalishlarida – Ibn Sino;
  • gumanitar yo‘nalishlarda – Navoiy;
  • tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida – Kamoliddin Behzod;
  • tabiiy yo‘nalishlarda – Ulug‘bek;
  • kinematografiya yo‘nalishida – Xudoybergan Devonov;
  • tarix va geografiya yo‘nalishlarida – Bobur;
  • jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida – Pahlavon Mahmud;
  • O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasida – Imom al-Buxoriy;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida – To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov;
  • barcha yo‘nalishlarda – Islom Karimov nomli.

Farmonda belgilanishicha:

  • Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Kamoliddin Behzod va Ulug‘bek nomli davlat stipendiyalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori kurslarning har ming nafar talabasiga bittadan;
  • Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasi O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasining uch nafar yuqori kurs talabasiga;
  • Xudoybergan Devonov nomli davlat stipendiyasi kinematografiya sohasi uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
  • Bobur nomli davlat stipendiyasi tarix va geografiya yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
  • Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
  • To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
  • Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga tayinlanadi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing