Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni Rossiya kuni bilan qutladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni mamlakatning milliy bayrami – Rossiya kuni bilan samimiy muborakbod etdi. Maktubda ushbu sana rus xalqining boy ma’naviy merosi hamda har tomonlama taraqqiyot sari intilishni aks ettirishi ta’kidlangan.

Shuningdek, tabrik xatida bugun mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar izchil kengayib, hududlararo va gumanitar hamkorlik yangi sur’at kasb etayotgani qayd etilgan. Yaqinda Sankt-Peterburg shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlikni yana bir bor tasdiqlagani bildirilgan.

“Ishonamanki, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali sheriklikning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi”, deyiladi tabrik xatida.

Ma’lumot uchun, 1990 yil 12 iyunda RSFSR xalq deputatlari qurultoyi tomonidan “Rossiyaning davlat suvereniteti to‘g‘risidagi Deklaratsiya” qabul qilingan. Shu sababli ushbu sana mamlakat mustaqilligi va yangi davlatchiligining boshlanishi sifatida belgilangan.Dastlab (1992 yildan) bu bayram “Davlat suvereniteti to‘g‘risidagi Deklaratsiya qabul qilingan kun” deb atalgan. 2002 yildan boshlab esa rasman “Rossiya kuni” deb o‘zgartirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing