Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi AYOQSHlarga ogohlantirish bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda benzin narxlari doimiy monitoring qilib boriladi va narxlarni sun’iy ravishda oshirish holati aniqlangan taqdirda ushbu sub’ektlarga belgilangan tartibda tegishli chora ko‘riladi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma’lum qildi. 

Ma’lumki, kecha, 6 dekabr kuni O‘zbekistondagi ko‘plab AYOQSHlarda Ai-80 markali 1 litr benzin narxi 7000 so‘mdan oshib, Toshkent shahridagi ayrim benzin quyish shoxobchalarida 7100 so‘mdan sotilayotgani va turnaqator navbatlar yuzaga kelgani ma’lum qilindi. 

Shu munosabat bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin narxini oshiradigan AYOQSHlarni ogohlantirdi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, respublikaning ayrim hududlaridagi AYOQSHlarda Ai-80 benzinning chakana narxlari o‘rtacha 6 800 so‘mdan 7 100 so‘mgacha oshganligi kuzatilmoqda. Joriy yilning 5 dekabr kuni birja savdolari natijasiga ko‘ra Ai-80 benzin mahsulotining narxi 1 tonna uchun o‘rtacha 8 mln so‘mni tashkil etib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan noyabr oyiga nisbatan 4 foizga oshgan. 

“Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xarid qilingan benzin o‘rtacha 5-10 kundan keyin yuklab jo‘natiladi va sotuvga chiqariladi. Ya’ni, birja savdolarida kuzatilgan narx o‘sishi 10 kundan keyin AYOQSHlardagi chakana narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin”, deyiladi Qo‘mitaning ogohlantirish xatida.  

Ta’kidlanishicha, Qo‘mita tomonidan avtomobil benzini narxlarini sun’iy oshirishga, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, birja savdolariga qo‘yiladigan Ai-80 markali benzinning kunlik hajmlarini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.  

“Xususan, joriy yilning 5 dekabr kunidan boshlab birja savdolariga qo‘shimcha 1 ming tonna Ai-80 benzini qo‘yilishi ta’minlandi. Shu munosabat bilan, Respublikadagi barcha AYOQSHlardan xalqimizni gaz va issiqlik bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilishi evaziga benzinga bo‘lgan talab oshganligi sababli asossiz qo‘shimcha daromad olish holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari so‘raladi”, deyiladi Qo‘mita bayonotida. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

197

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing