Messi Argentina terma jamoasi safidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazdi
Sport
−
09:16 1462 3 daqiqa
Bugun, 7 oktyabr kuni Lionel Messi Argentina terma jamoasi safidagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazdi. Benin terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda argentinaliklar 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
“Albiseleste” sardori ushbu bahsda jamoasining uchala golida ham bevosita ishtirok etib, bitta gol urdi va ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.
Argentina 48-daqiqada hisobni ochdi. Messi burchak to‘pini uzatdi, Nikolas Otamendi esa to‘pni havoda zarba bilan darvozaga joyladi. Ushbu uchrashuv himoyachining ham milliy terma jamoa safidagi so‘nggi o‘yini bo‘ldi.
61-daqiqada Messi Niki Pasga golli uzatma berdi va u mezbonlarning ustunligini oshirdi. Yana o‘n daqiqa o‘tib, 39 yoshli argentinalik futbolchi penaltini aniq amalga oshirib, hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Shu tariqa, Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini o‘yinlar, gollar va golli uzatmalar soni bo‘yicha rekordchi sifatida yakunladi.
Uchrashuvdan keyin Messi hissiyotlarini yashirmadi. Uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan TyC Sports nashri futbolchining otasi haqidagi xotiralari va terma jamoa bilan xayrlashish unga oson bo‘lmayotganini yozdi.
“Bugun nimadir deyish qiyin. Hissiyotlarga to‘lib ketganman, xayolimda juda ko‘p fikrlar aylanyapti. Birinchi bo‘lib otam xayolimga keldi.
Men qila oladigan yagona narsa – xayrlashuv nutqimda aytganimdek, barchaga minnatdorchilik bildirish. Bu futbolkani 20 yildan ortiq kiyish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Hatto eng qiyin paytlarda ham kurashishdan to‘xtamadim, doimo bor kuchimni sarfladim. Terma jamoadan ketish men uchun juda og‘ir bo‘ladi. Qasam ichamanki, bu yerga abadiy kelishni istardim. Chunki Argentina terma jamoasida o‘ynash – insonning boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsa”, deydi Messi uchrashuvdan so‘ng.
Shuningdek, Messi terma jamoani tanqid qilganlar haqida ham fikr bildirdi.
“Yaqinda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati haqida ham gapirmoqchiman. Bu yil biz g‘alabaga yaqin edik, ammo... Bilaman, ko‘pchilik biz haqimizda turli gaplarni aytdi. Biroq bunday gaplar uchun hech qanday asos yo‘q edi.
Milliy jamoamizning muvaffaqiyatsizlikka uchrashini istaydigan odamlar bor. Biz ularga bunchalik qoniqish hissini bermasligimiz kerak.
2022 yilda Jahon chempionatida g‘alaba qozonganimizdan keyin qanday bayram qilganimizni eslayman. Bu xotira men bilan abadiy qoladi. Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga rahmat. Sizlarni juda yaxshi ko‘raman”, deydi argentinalik futbolchi.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi milliy terma jamoadagi debyutini 2005 yilda o‘tkazgan. U faoliyati davomida milliy jamoa safida 208 ta uchrashuvda ishtirok etib, 126 ta gol va 68 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Messi Argentira bilan 1 marta Jahon chempionati g‘olibligi, 2 marta Amerika Kubogi g‘olibligi, 1 marta Finalissima g‘olibligi va 2008 yil Pekin Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi bo‘lgan.
Shu tariqa, futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan biri Lionel Messi Argentina terma jamoasi safidagi xalqaro faoliyatini yakunladi.
Live
Barchasi