Mattel yangi Barbie'ni taqdim etdi
Madaniyat-san’at
−
04 dekabr 2023
5198Mattel kompaniyasi yangi Barbie qo‘g‘irchog‘ini supermodel Klaudiya Shiffer qiyofasida chiqardi. Bu haqda kompaniyaning o‘zi rasmiy sahifasida xabar berdi.
Bildirilishicha, qo‘g‘irchoq modelning 1994 yil Atelier Versace kuz/qish ko‘rgazmasida kiygan libosini aks ettiradi.
“Biz Barbie uchun Versace'ning o‘ziga xos korset ko‘ylaklaridan ilhomlanib, jozibali libos yaratdik. Qo‘g‘irchoq Shifferning ayollik jozibasini Versace'ning hashamatli nafisligi bilan uyg‘unlashtiradi”, deb izoh berdi kompaniya.
Shifferning o‘zi ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yangi qo‘g‘irchoq haqida post joyladi.
"Barbie bilan o‘ynagan vaqtlarim mening eng birinchi xotiralarimdir. Men Barbie bo‘lishni xohlardim. Oradan yarim asr o‘tib, Mattel mening orzuyimni amalga oshirdi”, deb yozgan model.
Kompaniya joylagan ma’lumotga ko‘ra, hozirda yangi Barbie 85 AQSH dollari narxda sotuvga chiqarilgan.
Ma’lumot uchun, bu kompaniyaning qo‘g‘irchoqni mashhurlar qiyofasida birinchi chiqarishi emas. Bundan avval ham modellar Eshli Grem, Jiji Hadid, Elli Goldshteyn, Zendeya va boshqa bir qator yulduzlarning Barbie versiyalari sotuvga chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yozida qo‘g‘irchoqning sarguzashti aks etgan “Barbie” filmi ekranlarga chiqqanidan so‘ng, Barbie qo‘g‘irchoqlarining savdosi sezilarli darajada oshgandi.