Endi o‘qituvchilarning farzandlariga kontraktning 30 foizi to‘lab berilishi mumkin
Jamiyat
−
15 may 2271 2 daqiqa
O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga 30 foiz chegirma berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qayd etish joiz, 2025 yil 15 sentyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘qituvchi va murabbiylar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida kelgusi o‘quv yilidan boshlab davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma berilishi aytilgandi. Ammo bu haqda hukumat qarori qabul qilinmagandi. Bu tizim 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanishi mumkin.
Qaror loyihasiga ko‘ra, davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga chegirma joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar 2026 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi, 2027 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
30 foizlik chegirma asosiy faoliyati pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ota yoki onaning farzandi bo‘lgan, davlat oliy ta’lim tashkilotiga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyent yoki tahsil olayotgan talabalarga beriladi.
Ushbu chegirma uchun davlat oliy ta’lim tashkilotida (xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida va fakultetlarida ta’lim olayotgan talabalardan tashqari) bazaviy to‘lov-kontrakt asosida bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shakliga talabalikka tavsiya etilgan abituriyent yoki tahsil olayotgan talaba ariza berishi mumkin.
Talabgorlar mustaqil ravishda o‘zlari ta’lim oladigan oliy ta’lim tashkilotining rektori (filial direktori) nomiga o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt summasiga 30 foizlik chegirma qo‘llanilishi yuzasidan “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish axborot tizimi” (kontrakt.edu.uz) orqali ariza yuboradi.
Chegirma tegishli o‘quv yili uchun bir marotaba qo‘llaniladi. Mazkur chegirmalar talabaning bir yillik to‘lov-kontrakt summasiga nisbatan qo‘llaniladi.
Talabgorning otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda keyingi o‘quv yilidan boshlab unga chegirma qo‘llash to‘xtatiladi. Talabgorlarga chegirmalar to‘g‘ri belgilanishini doimiy nazorat qilish davlat oliy ta’lim tashkiloti rektori (filial direktori), mas’ul bo‘linma boshlig‘i, bosh buxgalteri va bosh auditori zimmasiga yuklanadi.
Talabgorga chegirma noto‘g‘ri qo‘llanganda davlat oliy ta’lim tashkilotining mas’ul bo‘linmasi hamda buxgalteriyasi tomonidan mazkur mablag‘larni qaytarish choralari ko‘riladi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust