“Do‘stlar” seriali rejissyori Jeyms Berrouz vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
20 iyun 1292 2 daqiqa
Bugun, 20 iyun kuni eng ommabop sitkomlardan biri – “Do‘stlar” seriali rejissyori Jeyms Berrouz 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda rejissyorning oilasi bergan bayonotga tayanib, ABC News telekanali xabar berdi.
Bayonotda aytilishicha, Berrouz “bugun o‘z sevimli oilasi davrasida sokinlikda hayotdan ko‘z yumgan”. O‘lim sababi hozircha aniqlanmagan. Undan rafiqasi, to‘rt nafar qizi va yetti nafar nabirasi qoldi.
“Besh o‘n yillikdan ko‘proq vaqt davomida Berrouz televideniye tarixidagi eng nufuzli va sevimli rejissyorlardan biri bo‘lib keldi. Afsonaviy rejissyor, ustoz va ijodiy kuch sifatida u komediya janrining bir necha avlodini shakllantirishga yordam berdi va butun dunyodagi tomoshabinlarga cheksiz quvonch ulashdi”, deydi uning oilasi.
Berrouz Kaliforniyada tug‘ilgan va Nyu-Yorkda ulg‘ayib, u yerda o‘z faoliyatini teatr sohasida boshlagan. Uning televideniyedagi ilk ishi “Meri Tayler Mur shousi” seriali epizodlariga rejissyorlik qilish bo‘lgan. Keyinchalik u “Do‘stlar”, “Taksi” va “Katta portlash nazariyasi” kabi teleseriallarning 1000 dan ortiq qismini suratga oldi.
Rejissyor 11 karra “Emmi” mukofoti laureati bo‘lgan va o‘nlab nominatsiyalarni qo‘lga kiritgan. Uning ushbu tanlovdagi so‘nggi g‘alabasi 2020 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda u “Eng yaxshi ko‘ngilochar dastur (jonli efirda)” kategoriyasida mukofotga sazovor bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Qizil sharbat” va “Oila” seriallari yulduzi, 35 yoshli turkiyalik aktrisa Eje Irtem vafot etgandi.
Live
Barchasi