Denovda uyida 2 kilodan ortiq “marixuana” saqlagan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
16 Oktyabr 1480 1 daqiqa
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida fuqaroning uyidan 2 kilogrammdan ortiq “marixuana” topildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Denov shahrida yashovchi fuqaroning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruvda yotoqxonadan uchta polietilen paketga o‘ralgan, jami 500 gramm “marixuana”ga o‘xshash modda topilgan.
Shuningdek, fuqaroning qo‘l sumkasida 146 ta gugurt qutisiga joylangan, jami 1 kilogramm 462 gramm shunday modda borligi aniqlangan. Natijada fuqarodan jami 2 kilogramm 31 gramm “marixuana”ga o‘xshash modda hujjatlashtirib olingan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahridagi xonadonlardan birida 2 kilogramm 780 gramm “kannabis” giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi