“Champi” tayfuni sabab Tayvanda yuzlab odamlar jarohatlandi
Olam
−
08:59 460 2 daqiqa
Tayvan qirg‘oqlaridan o‘tgan “Champi” tayfuni oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 527 kishi jarohatlandi. Kuchli shamol va jala yuzlab daraxtlarni qulatib, 288 mingdan ortiq xonadonda elektr ta’minotining uzilishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 24 oktyabr kuni tayfun Tayvanning shimoli-sharqiy qirg‘oqlari yaqinidan o‘tgan. Dastlab supertayfun darajasiga yetgan va bu yil Tinch okeanida kuzatilgan eng kuchli bo‘ronlardan biri bo‘lgan “Champi” hozirda kuchsizlanib, Xitoy qirg‘oqlari tomon shimolga harakatlanmoqda. Biroq uning Xitoy hududiga bevosita kirib borishi kutilmayapti.
.png)
Tayvan Markaziy ob-havo boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, tayfun markazi oroldan taxminan 170 kilometr shimoli-sharqda joylashgan. Uning markazi yaqinida shamol tezligi soatiga 126 kilometrga yetgan. Ayrim qirg‘oq hududlarida esa shamol tezligi soatiga 227 kilometrni tashkil etgan. Kuchli shamol elektr uzatish liniyalarini qulatib, binolarning tom qoplamalarini uchirib yuborgan.
.png)
Tayvan yong‘in xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Lyutszyu oroli yaqinida bir erkakni to‘lqinlar oqizib ketgan va u halok bo‘lgan. Kuchli shamol va jala oqibatida yana 527 kishi jarohatlangan.
.png)
Tayfun transport qatnoviga ham ta’sir ko‘rsatgan. Tayvan Transport vazirligi 259 ta aviareys bekor qilinganini ma’lum qilgan. Kecha, 23 oktyabr kuni esa bekor qilingan reyslar soni qariyb 1 mingtaga yetgan. Poytaxt Taypeyda daraxtlar qulagan, kuchli yomg‘ir kuzatilgan. Shahar aholisi tayfun ovozini dahshatli filmga qiyoslagan.
Tayfun xavfi sababli Tayvanning shimoliy va markaziy hududlarida, jumladan, Taypeyda maktablar va idoralar faoliyati ketma-ket ikkinchi kunga to‘xtatilgan.
Xitoy ham ehtimoliy oqibatlarga qarshi choralar ko‘rmoqda. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi Chjetszyan provinsiyasiga maxsus guruh yuborgan. Rasmiylar 26 oktyabrgacha kuchli shamol va jala kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Qutqaruv ishlari uchun 400 nafar qutqaruvchi va 600 ta texnika shay holatga keltirilgan, 41 mingdan ortiq o‘t o‘chiruvchi favqulodda vaziyatlarga tayyorlangan.
Chjetszyan sohilidagi Taychjou shahrida 3 800 dan ortiq baliqchi qayig‘i portlarga qaytarilgan, dengizdagi baliqchilik xo‘jaliklari ishchilari qirg‘oqqa olib chiqilgan va orollardagi 2 084 nafar sayyoh evakuatsiya qilingan. Shuningdek, 25 ta dengiz qurilishi loyihasi to‘xtatilgan, 18 ta yo‘lovchi parom yo‘nalishida qatnov bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Florida shtati qirg‘oqlariga “Isayas“ dovuli yetib kelishi oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘lib, yana 670 mingga yaqin odam elektr energiyasisiz qolgan edi.
Live
Barchasi23 Oktyabr