Begona erkak Bosh vazir Madyarning yuziga sharob sepdi (video)

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar Seksard shahridagi vino festivalida ovqat olish uchun navbatda turgan vaqtida bir erkak uning yuziga sharob sepib yubordi. Bu haqda 19 sentyabr kuni Madyar o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Bosh vazir Pech shahridagi chiqishidan so‘ng uyiga qaytayotib, mahalliy aholining taklifiga binoan Seksard hosil bayrami (Szekszárdi Szüreti Napok) festivalida to‘xtagan. U festivaldagi ovqatlanish shoxobchalaridan birida navbatda turgan vaqtda bir erkak uning ustiga bir stakan sharob sepgan.

Videoda noma’lum erkak avval qo‘lidagi stakandan ichimlikdan bir qultum ichgani, shundan so‘ng uni Madyar turgan tomonga sepib yuborgani aks etgan. Shundan keyin qora kiyimdagi xavfsizlik xodimi erkakni darhol voqea joyidan olib chiqqan.

Peter Madyar esa hodisaga qaramay, festival ishtirokchilari bilan suhbatlashish va suratga tushishda davom etgan. Voqeadan so‘ng u Facebook sahifasida hodisa yuzasidan munosabat bildirgan.

“Bu janobni hamma yaxshi vaqt o‘tkazayotgani, bizni yuzlab odamlar bilan suhbatlashib, suratga tushayotganimiz juda bezovta qilgan bo‘lsa kerak. U yonimga kelib, ko‘zimga qarashga unchalik jur’at qilmadi. Mazali Seksard (Szekszárd) vinosiga achinib ketdim”, deb yozgan Peter Madyar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li Rizo Pahlaviy Berlinda ko‘chaga chiqqanida uning ustiga qizil suyuqlik sepilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing