“Asr ajrimi”: koreyalik milliarder xiyonat sababli xotiniga $640 mln to‘laydi
Olam
−
26 iyul 9784 2 daqiqa
Janubiy Koreyaning eng yirik biznesmenlaridan biri Chey Te-von sobiq xotiniga ajrim sababli 640 million dollar to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Joriy yilning 24 iyul kuni Janubiy Koreyada “asr ajrimi” nomini olgan sud jarayoni o‘z nihoyasiga yetdi. Ishning markazida mamlakatning ikkinchi yirik konglomerati bo‘lmish SK Group (shu jumladan sun’iy intellekt chiplari ishlab chiqaruvchi SK Hynix) direktorlar kengashi raisi, boyligi 5,6 milliard dollarga baholanuvchi milliarder Chey Te-von hamda uning sobiq turmush o‘rtog‘i, Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Ro Te Uning qizi Ro So-yon turgan edi.
Ushbu shov-shuvli ajrashuv aslida 2015 yilda, Chey Te-vonning OAVga yo‘llagan ochiq xatidan so‘ng boshlangan edi. Milliarder o‘z xatida boshqa ayol bilan nikohsiz munosabatda bo‘lganini va undan farzand dunyoga kelganini ochiq tan olgan, so‘ng 2017 yilda ajrashish bo‘yicha rasmiy jarayonni boshlagan.
Sobiq er-xotin o‘rtasidagi 34 yillik nikohni bekor qilish va mol-mulkni bo‘lishish bo‘yicha sud jarayoni deyarli o‘n yil davom etdi. 2022 yilda quyi instansiya sudi Cheyni sobiq xotiniga 66,5 milliard von (qariyb 50 million dollar) to‘lashga majbur qilgan bo‘lsa, 2024 yilda Seul Oliy sudi bu summani keskin oshirib, rekord darajadagi 1,38 trillion vonga yetkazdi. Biroq keyingi qayta ko‘rib chiqishlardan so‘ng, Seul Oliy sudi yakuniy to‘lov summasini 944 milliard von (taxminan 644 million dollar) qilib belgiladi. Bu summa Janubiy Koreya tarixidagi ajrashuvlar bo‘yicha eng yirik tovon puli hisoblanadi.
Sud qarorida mol-mulkni bo‘lish nisbati 33 foizga 67 foiz ko‘rinishida (sobiq xotin foydasiga uchdan bir qismi) taqsimlandi. To‘lovning bunday yuqori belgilanishiga so‘nggi yillarda sun’iy intellekt bumi fonida SK Hynix kompaniyasi aksiyalari qiymatining 2500 foizga o‘sgani asosiy sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, sud SK Group korporatsiyasidagi boshqaruv nazorati izdan chiqmasligi uchun Chey Te-vonning aksiyalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lib bermasdan, kompensatsiyani naqd pul ko‘rinishida to‘lash majburiyatini yukladi. Tahlilchilarning bildirishicha, milliarder bu to‘lovni o‘zining asosiy bo‘lmagan aktivlarini sotish yoki aksiyalarini garovga qo‘yib kredit olish orqali amalga oshiradi.
Bundan tashqari, Chey Te-von sobiq xotiniga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun alohida 2 milliard von kompensatsiya to‘lashi lozim. Shuningdek, Ro So-yon milliarderning hozirgi turmush o‘rtog‘iga qarshi ochgan alohida da’vosi bo‘yicha ham muvaffaqiyatga erishgan va sud Chey hamda uning ma’shuqasiga birgalikda yana 2 milliard von miqdorida ma’naviy zarar undirishni yuklagan.
Live
Barchasi