JCH-2026 da mojaro: meksikalik amaldor ratsizm uchun ishdan haydaldi (video)

Sport

image

Meksikaning Xalisko shtati Geodezist-muhandislar va geoinformatiklar assotsiatsiyasi prezidenti Ulises Bernal 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchrashuvida janubiy koreyalik strimer qiz bilan sodir bo‘lgan voqeadan keyin lavozimidan bo‘shatildi. Bu haqda “Vietnam.vn” xabar berdi.

Hodisa 12 iyun kuni Meksikaning Xalisko shtatida Janubiy Koreya va Chexiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin paytida yuz bergan. TikTok va YouTube tarmoqlarida qariyb 9 million obunachisi bo‘lgan janubiy koreyalik strimer Yun Su Jin o‘z jamoasining g‘alabasidan so‘ng video suratga olayotgan bo‘lgan. Shu payt uning orqasida o‘tirgan Bernal qo‘llari bilan ko‘zlarini qisib, “qisiq ko‘zlar”ni taqlid qilgan va kulib yuborgan. Ijtimoiy tarmoqlarning ko‘plab foydalanuvchilari ushbu ishorani irqchilik va haqoratli deb hisoblagan.

E’lon qilingan kadrlarda bloger qiz o‘z ortida sodir bo‘layotgan voqeani payqab, hayratda qolganini ko‘rish mumkin. Keyinchalik u ataylab Jahon chempionati uchun Meksikaga borganini va bunday munosabatga duch kelishni kutmaganini aytgan. 

“Men Jahon chempionatini tomosha qilish va irqchilikka duch kelish uchun dunyoning narigi chekkasidan keldim”, deb yozdi u.

Video millionlab marta ko‘rilganidan so‘ng Bernal sha’niga keskin tanqidlar yog‘ilgan. Xalisko shtati Geodezist-muhandislar va geoinformatiklar assotsiatsiyasi vakillari sodir bo‘lgan voqeadan chuqur afsusda ekanliklarini bildirgan.

Tashkilotning ma’lum qilishicha, ushbu masala Shon-sharaf va adolat qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Surrishtiruv yakunlariga ko‘ra, Bernalni ishdan bo‘shatish haqida qaror qabul qilingan.

Ro‘y bergan voqea internetda ham keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Ko‘plab meksikaliklar strimer qizdan uzr so‘ragan va amaldorning xatti-harakatlari mamlakat aholisining pozitsiyasini aks ettirmasligini bildirgan. Shu bilan birga, foydalanuvchilarning bir qismi Meksikada bunday ishoralar ba’zan boshqacha qabul qilinishini da’vo qilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing