JAR Ukrainadagi “aldangan” erkaklar bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib bormoqda
Olam
−
20 dekabr 1816 2 daqiqa
Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) hukumati Ukrainada Rossiya safida jang qilayotgan 17 nafar janubiy afrikalik erkakni vataniga qaytarish bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib bormoqda, chunki ular Janubiy Afrikaning sobiq prezidenti Jeykob Zumaning qizi tomonidan urushning oldingi chizig‘iga aldanib olib borilgani aytilmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Duduzile Zuma-Sambudla iyul oyida 17 nafar janubiy afrikalik va ikki botsvanalik erkakni otasining Umxonto ve Sizue siyosiy partiyasi uchun tansoqchi sifatida o‘qish yoki shaxsiy rivojlanish kursida qatnashishini aytib, ularni Rossiyaga jalb qilgan.
“Bu yigitlarni qaytarib olish jarayoni juda nozik jarayon bo‘lib qolmoqda. Ular xavfli muhitda. Ular hayotlari uchun jiddiy xavf ostida va biz ularni bu vaziyatdan qanday qutqarishimiz mumkinligini ko‘rish uchun Rossiyada ham, Ukrainada ham turli rasmiylar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Aslida, asosiy e’tibor Rossiya rasmiylariga ko‘proq, Ukraina rasmiylariga esa kamroq qaratilgan, chunki bizda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, ular Rossiya harbiy kuchlariga aralashib ketgan”, deydi Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosaning matbuot kotibi Vinsent Magvenya.
Rossiyaning Janubiy Afrikadagi elchixonasi izoh berish so‘roviga javob bermagan.
Ma’lumot o‘rnida, 5 dekabr kuni urushga yuborilganlarning yaqinlari Durban shahar hokimiyati oldida “Bizning erkaklarimizni uyga qaytaring – urushni tugating” va “Ularni tirik qaytaring. Ularni sog‘-salomat qaytaring” kabi yozuvlar tushirilgan plakatlarni ko‘tarib norozilik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yigitlarni Ukrainadagi urushga yollagan sobiq prezidentning qizi iste’foga chiqqani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi