Japarov va Rahmon 4 yil yopiq turgan chegarani ochdi
Olam
−
08 iyul 6733 2 daqiqa
Bugun, 8 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Tojikistonga bordi. Dushanbedagi Millat saroyida oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar yakunlangach, Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari – Sadir Japarov va Imomali Rahmon ikki davlat chegarasidagi “Qoramiq” – “Tojvaron” chegara punktining ochilish marosimida virtual tarzda ishtirok etdi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegara idoralari rahbarlari nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyatini qayta tiklashga to‘liq tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi. Prezident Sadir Japarov hisobotni eshitgach, nazorat-o‘tkazish punkti faoliyatini boshlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi, shundan so‘ng Qirg‘iziston tomonida to‘siqlar ko‘tarildi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ham Tojikiston hududidagi nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyatini qayta tiklashga buyruq berdi va to‘siqlar ko‘tarildi.

Marosim Tojikiston va Qirg‘izistonning Laxsh va Cho‘n-Olay chegaradosh tumanlari rahbariyati va aholisi ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iz-tojik chegarasi 2021-yilning may oyida yopilgan va “Qoramiq” nazorat-o‘tkazish punkti to‘rt yil davomida ishlamagan. Bugundan boshlab u ikki tomonlama ishni to‘liq tikladi.
Eslatib o‘tamiz, 31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xo‘jand shahrida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etgandi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda uch davlat rahbarlarining Qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.
Live
Barchasi