Japarov Putinning huzuriga bordi
Olam
−
11:24 3196 2 daqiqa
Kecha, 23 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kreml saroyida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda Putin mamlakatlararo aloqalar har doimgidan ham yaxshilanayotganini qayd etgan.
“Tashrif buyurganingiz uchun katta rahmat. Men, siz o‘z yurtingizda bizni, butun delegatsiyamizni qanday mehmondo‘stlik bilan kutib olganingizni eslayman. O‘shanda juda samarali ishlagan edik. Shuni ta’kidlashni istardimki, barcha kelishuvlarimiz bajarilmoqda. Har ikki tomondagi jamoalar faol va jadal ishlamoqda. Bu ishlarning natijalari esa, Qirg‘iziston iqtisodiy o‘sish sur’atlarida o‘z aksini topmoqda”, degan Rossiya Prezidenti.
Shuningdek u, Japarovning ushbu tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlagan.
“Sizni ko‘rib turganimdan juda xursandman. Xush kelibsiz!”, degan Putin.
Japarov esa, ikki mamlakatni tarixiy do‘stlik rishtalari bog‘lashini aytib, Qirg‘iziston Rossiya Federatsiyasining strategik hamkori va asosiy ittifoqchisi bo‘lib kelganini va shunday bo‘lib qolishini alohida keltirib o‘tgan. Shuningdek, Japarov Putinni joriy yilning avgust–sentyabr oyida Bishkekda o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga taklif qilgan.
“Rahmat, Vladimir Vladimirovich, iliq kutib olganingiz uchun. Ushbu ishchi uchrashuvga rozi bo‘lganingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiraman.
Ma’lumki, biz, siz bilan bir qator xalqaro tashkilotlarda, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotida (SHHT) faol a’zomiz. Joriy yilning 31 avgust va 1 sentyabr kunlari Bishkek shahrida SHHT sammiti bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan sizning tashrifingizni va sammitdagi ishtirokingizni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Hozir esa, ikki tomonlama masalalarni muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat mavjud. Umid qilamanki, biz o‘zaro manfaatli shartlar asosida hamkorligimizning ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashamiz. Yana bir bor iliq qabul uchun rahmat”, degan Qirg‘iziston Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Rossiya Federatsiyasi Qirg‘iziston uchun strategik ittifoqchi, hamkor va do‘st bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi