Japarov aholi punktlariga odamlar nomini berishni taqiqladi
Olam
−
14 aprel 3418 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov endilikda qishloq va ovul okruglariga shaxslar nomini bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 13 aprel kuni O‘sh viloyatining Oloy tumani aholisi bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Qirg‘iziston rahbari bu mavzuga mahalliy aholi vakilining qishloqlardan biriga Olimbek dodxo nomini berish taklifiga javob berish asnosida to‘xtalib o‘tgan. Sadir Japarov aholi punktlariga insonlar ismini berishni to‘xtatish bo‘yicha qat’iy qarorga kelinganini ta’kidlagan.
“Sizlar guruhlarga bo‘linib, nima uchun boshqaning emas, aynan falonchining ismi berilishi kerak, axir mening ham ajdodlarim munosib-ku, deb bahslasha boshlaysiz. Biz buni bir necha bor boshimizdan o‘tkazganmiz. Shuning uchun xafa bo‘lmang, Olimbek dodxoning nomi allaqachon tarixga muhrlangan va yo‘q bo‘lib ketmaydi. Qishloqqa uning nomi berilishi bilan u tezroq rivojlanib qolmaydi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, aholi punktlariga antroponimlar (inson ismlari) berish amaliyoti Qirg‘izistonda keng tarqalgan bo‘lib, chuqur ildizlarga ega. Sovet davrida bu davlat mafkurasining bir qismi bo‘lgan. Mustaqillikka erishilgach esa tarixiy shaxslar nomlarini qaytarish va mahalliy arboblar xotirasini abadiylashtirish to‘lqini boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov mamlakatda kadrlar siyosatida muammolar saqlanib qolayotganini aytib, deyarli 30 yil davomida tizimi rivojlanmaganini bildirgan edi.
Live
Barchasi