Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim uchun 100 mln dollar ajratadi
Jamiyat
−
01 iyul 1809 2 daqiqa
Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim sifatini yaxshilash va o‘quvchilarning bazaviy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan BILIM dasturi uchun 100 million dollar miqdorida imtiyozli moliyalashtirishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha Jahon banki tarkibidagi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi dastur uchun 5 million dollar grant ajratadi. Dasturning umumiy qiymati 378 million dollarni tashkil etadi, shundan 273 million dollar O‘zbekiston hukumati hissasiga to‘g‘ri keladi.
Dastur Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi. Ushbu hududlarda mamlakat maktablarining qariyb 45 foizi joylashgan bo‘lib, ta’lim sifati va maktab infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar eng dolzarb hisoblanishi qayd etilgan.
2030 yilgacha amalga oshiriladigan BILIM dasturi doirasida 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va maktab rahbarlarining malakasi oshiriladi. Shuningdek, yangi maktablar qurilishi va mavjudlarini kengaytirish hisobidan boshlang‘ich sinflar uchun 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, ta’lim tizimida ma’lumotlarga asoslangan boshqaruvni rivojlantirish, resurslarni samarali taqsimlash hamda o‘quvchilarning o‘qish va matematika fanlari bo‘yicha natijalarini yaxshilashga qaratilgan mexanizmlar joriy etilishi ta’kidlangan.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasinga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilarning o‘qish, matematika hamda ijtimoiy-hissiy ko‘nikmalarini rivojlantirish O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi.
“Ushbu ko‘nikmalar bolalarga yanada murakkab bilim va malakalarni egallashga yordam beradi hamda ularni kelajakda tez o‘zgarayotgan mehnat bozori talablariga tayyorlaydi. Innovatsion iqtisodiyot uchun malakali kadrlar zarur. Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan moliyalashtirilayotgan yangi BILIM dasturi hukumatga maktab o‘quvchilarining asosiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga sarmoya kiritishda ko‘mak beradi”, deydi Naji Benxasin.
Loyiha 1–4-sinflarda tahsil olayotgan qariyb 2 million nafar o‘quvchini qamrab olishi kutilmoqda. Ularning yarmi qiz bolalardan iborat. Jahon banki ushbu tashabbus o‘quvchilarning ta’lim sifatini oshirish, kelgusida munosib ish topish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) O‘zbekistonga imtiyozli moliyalashtirish shaklida 150 mln dollar ajratilishini ma’qullagan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust