Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarni qayta boshlamoqchi
Olam
−
18 noyabr 2025 6705 3 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini faollashtirish maqsadida Turkiyaga tashrif buyurishini e’lon qildi.
“Ertaga Turkiyada uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Muzokaralarni faollashtirishni tayyorlayapmiz va sheriklarimizga taklif etiladigan ishlab chiqilgan yechimlarimiz bor. Urushni yakunlashni yaqinlashtirish Ukrainaning birinchi darajali vazifasi. Asirlarni almashish va ularni qaytarishni ham tiklash ustida ishlayapmiz”, deb yozdi u bugun, 18 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda.
Shundan ko‘p o‘tmay, Turkiyadagi manba “Reuters” agentligiga AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff 19 noyabr kuni Turkiyaga tashrif buyurishini va Zelenskiy bilan o‘tkaziladigan muzokaralarda ishtirok etishini ma’lum qildi. AFP esa ukrain manbalariga tayanib, Zelenskiy Anqarada Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashishi haqida xabar berdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya tomoni Kiyevdan “hech qanday ma’lumot olmaganini” bildirdi. Unga ko‘ra, Zelenskiy Turkiyaga keladigan kunlarda u yerda Rossiya vakillari bo‘lmaydi.
Istanbulda Rossiya–Ukraina muzokaralari
Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Turkiya Kiyev va Moskva o‘rtasida vositachi bo‘lishni taklif qilib kelmoqda. Joriy yil may oyidan beri Rossiya va Ukraina delegatsiyalari Istanbulda bir nechta muzokara raundlarini o‘tkazdi. Ular davomida asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, ammo otashkesim to‘g‘risida kelishuvda sezilarli ilgarilash kuzatilmadi. Oxirgi almashuv oktyabr boshlarida amalga oshirilib, Moskva va Kiyev 185 tadan odamni almashdi.
Ukraina Rossiyani urushni to‘xtatishni istamaslikda ayblab keladi. Kiyevning ta’kidlashicha, Moskva doim qabul qilib bo‘lmaydigan shartlarni qo‘yib, o‘zga hududlarni taklif etishni va Kiyevning amalda Rossiya oldida taslim bo‘lishini talab qilgan.
Zelenskiy Yevropaga safari chog‘ida Ukrainaga qo‘llov olishga intilmoqda. Bu Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga qilinayotgan zarbalari va mamlakatni qamrab olgan korrupsiya mojarosi fonida amalga oshmoqda. 18 noyabr kuni u Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashadi. Bir kun oldin esa u Fransiya bilan Kiyevning 100 tagacha jangovor uchoq va boshqa texnika, jumladan dronlar sotib olishini ko‘zda tutuvchi kelishuvni imzolagandi.
Ukraina muzokaralarni to‘xtatganini e’lon qilgan edi
11 noyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Sergey Kislitsa Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari progress yo‘qligi sababli to‘xtatilganini ma’lum qilgan.
“Diktatura sharoitida (Rossiyada) diktatorni ifoda etuvchi muzokarachilar bilan samarali muloqot olib borib bo‘lmaydi. Ular qattiq mandatga ega va ularga buyurilgan pozitsiyani himoya qilishi shart”, degan edi Kislitsa.
Shu bilan birga, 16 noyabr kuni Kiyev Rossiya bilan asirlar almashinuviga oid bilvosita muzokaralar yana boshlanganini bildirdi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MHMK) kotibi Rustam Umarovning aytishicha, gap “Istanbul kelishuvlari” doirasida almashinuvni tiklash haqida ketmoqda. Turkiya va BAA bu jarayonning vositachilari bo‘lgan.
“Yaqin kunlarda texnik maslahatlar o‘tkaziladi. Ular barcha tartibiy va tashkiliy jihatlarni mustahkamlashi kerak”, dedi Umarov.
Live
Barchasi