Zelenskiy Oq uyga borishdan oldin Trampning odami bilan uchrashdi (video)

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 18 avgust kuni Vashingtonda AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Ukraina rahbarining ma’lum qilishicha, ular frontdagi vaziyat va diplomatik kelishuvni muhokama qilgan.

“Biz Amerika bilan jang maydonidagi vaziyatni, kuchli diplomatik imkoniyatlarimizni – Ukraina va butun Yevropani muhokama qildik. Rossiyani faqat kuch bilan tinchlikka majburlash mumkin, Prezident Tramp esa shunday kuchga ega. Biz haqiqatan ham tinchlik bo‘lishi uchun hamma narsani to‘g‘ri qilishimiz kerak”, deb yozdi Ukraina rahbari.

Qayd etish joiz, Kellogg AQSH va Rossiya Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putinning Ankorijdagi (Alyaska) sammitida ishtirok etmagan.

Zelenskiy Tramp Ukraina va boshqa Yevropa davlatlarini Vashingtonga taklif qilganini eslatdi.

“Uchrashuv birinchi marta bunday formatda o‘tkazilmoqda – juda jiddiy. Yevropada bir kishi uchun tinchlik haqida gap ketganda, bu Yevropadagi barchaga tegishli. Biz urushni tugatish va xavfsizlikni ishonchli kafolatlash uchun imkon qadar samarali ishlashni davom ettirishga tayyormiz” dedi Ukraina Prezidenti.

Zelenskiy 18 avgustga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina shaharlariga hujumlarini davom ettirganini ta’kidladi. 

“Ukrinform” nashrining yozishicha, uchrashuv Hay-Adams mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan. U Oq uydan bir necha daqiqalik masofasida joylashgan.

Kellogg, o‘z navbatida, u allaqachon Vashingtonga yetib borgan NATO rahbari bilan ham gaplashganini ma’lum qildi.

“Prezident Zelenskiyning bugun AQSH Prezidenti bilan uchrashuvi oldidan NATO Bosh kotibi Mark Rutte, AQSHning NATOdagi doimiy vakili Metyu Uitaker va jamoamiz bilan ajoyib suhbat”, deb yozdi Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili X ijtimoiy tarmog‘ida.

Oq uy xabariga ko‘ra, Tramp va Zelenskiyning ikki tomonlama uchrashuvi bugun, 18 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:15da boshlanadi. Keyin Toshkent vaqti bilan 23:15 da AQSH Prezidenti Yevropa yetakchilarini qarshi oladi. Donald Trampning yevropalik siyosatchilar bilan muzokaralari Toshkeyent vaqti bilan soat 00:00da boshlanadi.

Muzokaralarda Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Finlyandiya va Fransiya Prezidentlari Aleksandr Stubb va Emmanuel Makron, shuningdek, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ishtirok etishi kutilmoqda. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ta’kidlaganidek, Yevropa yetakchilari, Ukraina Prezidenti va Tramp, xususan, Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Vladimir Zelenskiy Kit Kellogg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing