Zelenskiy AQSH rahbarlari va amerikaliklarga 33 marta minnatdorlik bildirdi – CNN

Olam

image

Kecha, 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Oval ofisidagi “jangovar” uchrashuvi chog‘ida Prezident Donald Tramp ham, vitse-prezident Jeyms Devid Vens ham Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga yetarlicha minnatdor bo‘lishi kerakligini aytdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Zelenskiy shu paytgacha Oq uy rahbarlari va Amerika xalqiga 33 marta minnatdorlik bildirgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Kechagi uchrashuvda ham Ukraina rahbariga minnatdor bo‘lishi lozimligi ko‘p bora aytildi.

“Siz minnatdor bo‘lishingiz kerak. Sizda kartalar yo‘q, shuning uchun ko‘proq minnatdor bo‘lishingiz lozim”, degan Tramp Zelenskiyga.

Oq uy rahbarining so‘zlariga qo‘shimcha qilgan vitse-prezident Vens ham buni bir necha marotaba so‘radi va Zelenskiyning so‘zlarini “hurmatsizlik” deb atadi.

“Butun uchrashuv davomida bir marta rahmat aytdingizmi?”, deb so‘radi Vens.

Tramp Zelenskiyning o‘ziga nisbatan munosabatini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, xuddi Vensga o‘xshab. Ammo ularning Zelenskiy bilan bo‘lgan qizg‘in fikr almashishi butun dunyo bo‘ylab aks-sado berayotgan bir paytda, shuni ta’kidlash joizki, Zelenskiy Rossiya 2022 yilning fevralida keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan beri AQSHga bir necha bor minnatdorlik bildirgan – Tramp va sobiq prezident Jo Baydenga, har ikki partiyadan Kongress a’zolariga, AQSH mudofaa kompaniyalari va ularning xodimlariga hamda Amerika xalqiga tashakkur aytgan.

Hattoki, Zelenskiy kechagi uchrashuvdan so‘ng Oq uyni tark etgach, X sahifasida quyidagicha post qoldirdi:

“Rahmat, Amerika, qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat. AQSH Prezidenti Donald Trampga, Kongressga va Amerika xalqiga rahmat. Ukrainaga adolatli va mustahkam tinchlik kerak va biz aynan shu maqsadda harakat qilmoqdamiz”, deya yozgan Vladimir Zelenskiy.

Quyida Zelenskiyning Qo‘shma Shtatlar, uning rasmiylari yoki xalqiga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan 33 ta holatdan ayrimlari keltirilgan.

2022 yil 21 yanvar:

“Ukraina uchun misli ko‘rilmagan Amerika diplomatik va harbiy yordami uchun Jo Baydenga rahmat”, deya yozgan X sahifasida.

2022 yil 1 iyul:

“Men AQSHning yangi xavfsizlik yordami paketini, shu jumladan zamonaviy havo mudofaa tizimlarini taqdim etish haqidagi tarixiy qarorini olqishlayman. [Bayden] Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur. G‘alaba sari birgalikda!”, deya yozadi u.

2022 yil 19 avgust:

“Men 775 million dollar miqdoridagi yana bir Amerika harbiy yordam paketini juda qadrlayman. Ushbu qaror uchun [Bayden] sizga rahmat! Biz dushmanni yengish uchun yana bir muhim qadam tashladik. Ukraina ozod bo‘ladi!”, deyiladi postda.

2022 yil 21 dekabr, Bayden bilan uchrashuv:

“Katta rahmat, janob prezident. Albatta, ikki tomonlama yordamga rahmat. Kongressga rahmat. Bizning, adolatli, oddiy xalqimizdan sizning oddiy xalqingizga, amerikaliklarga rahmat. Men juda minnatdorman”.

2022 yil 21 dekabr, AQSH Kongressiga murojaat:

“Hozir, ushbu maxsus Rojdestvo bayramida barchangizga rahmat aytmoqchiman. O‘z uyidagi iliqlikni qadrlaydigan va boshqa odamlarga ham xuddi shunday iliqlikni tilaydigan har bir amerikalik oilaga minnatdorlik bildiraman. Men prezident Baydenga va ikkala partiyaga, Senat va Vakillar palatasidagi bebaho yordamingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Bu yil Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan, ukrainaliklarimizni qabul qilgan, davlat bayroqlarimizni hilpiratgan, bizga, xalqimizga yordam bergan shaharlaringiz va fuqarolaringizga minnatdorlik bildiraman. Barchangizga, hozir oldingi safda turgan barchaga, g‘alabani kutayotgan barchaga rahmat”.

2023 yil 21 sentyabr, Bayden bilan uchrashuv:

“Janob prezident, siz tomoningizdan barcha ukrainaliklarga juda iliq va kuchli so‘zlar aytilgan. Rahmat, qadrlayman, xursandman. Taklifingiz uchun tashakkur. Muntazam muloqotimiz mamlakatlarimiz chinakam ittifoqchi va strategik do‘st ekanidan dalolatdir. Biz AQSH tomonidan Ukrainaga Rossiya bosqiniga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan hayotiy yordamni juda qadrlaymiz”.


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy amerikaliklar minnatdorlik Devid Vens

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing