Zelenskiy bugun Oq uyda hammasiga nuqta qo‘yishi mumkin
Tahlil
−
18 avgust 7655 3 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Amerika Qo‘shma Shtatlarida. U bir necha soatlardan so‘ng Donald Tramp bilan uchrashadi. Taxminlarga ko‘ra, bu uchrashuv ko‘p narsalarni o‘zgartirishi mumkin va avvalroq Donald Tramp qayd etganidek, barchasi Zelenskiyga bog‘liq. U yaqin soatlarda hammasiga yakun yasovchi qarorni qabul qilishi yoki aksincha Ukraina hududiy yaxlitligi uchun kurashishda davom etishi mumkin. Chunki Tramp va Putin istayayotgan taklifga ko‘nish juda og‘riqli ekani ko‘pchilikka ma’lum. Negaki bugun Oq uyda Ukraina rahbariga beriladigan takliflarning ba’zilari deyarli aniq. Bular Donbassni Rossiyaga topshirish, Zaporoje va Xersonning bosib olingan yerlaridan voz kechish, NATOga a’zo bo‘lmaslik kabi oldindan taxmin qilingan shartlardir. Buning evaziga esa Rossiya bosqini to‘xtaydi va Ukrainaga NATOning 5-moddasida belgilangan xavfsizlik kafolati taqdim qilinishi mumkin.
Ammo “Reuters”ga ko‘ra, Zelenskiy bularni rad qilgan. Umuman olganda esa u bir necha kun oldin Ukraina yerlari xususiy mulk emasligini aytib, uni bosqinchilarga umuman berib qo‘ymasligini ta’kidgandi. Biroq Ukraina Prezidenti AQSHga kelish arafasida Tramp o‘ziga tegishli ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Zelenskiy bitim tuzishga majburligiga ishora qildi. U agar Ukraina Prezidenti istasa, zudlik bilan urushni tugatishi mumkin”, deya yozib qoldirdi. Shuningdek, Tramp Qrimning endi Ukraina tarkibiga qaytmasligi va Kiyev NATO a’zosi bo‘lmasligini ham qo‘shimcha qildi.
AQSH Prezidenti Alyaskadayoq Zelenskiyga bitim tuzishi lozimligini uqtirishni boshlagandi. U buni “Fox News”ga bergan intervyusida ham ta’kidlab o‘tgandi. Alyaskadan ortga qaytishda samolyotda ikki o‘rtada kechgan telefon muloqoti tafsilotlari esa noma’lum. Ammo barchasi bugun ochiqlanadi.
Xabarlarga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Trampning Zelenskiy va boshqa Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvlar jadvali juda tig‘iz. Jumladan, Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da Yevropa yetakchilari Oq uyga yetib borishi aytilmoqda. Ammo AQSH rahbari birinchi bo‘lib 22:00 da Zelenskiyni qarshi oladi va ular o‘rtasidagi uchrashuv 15 daqiqa o‘tib boshlanadi. 23:15 da esa Tramp Yevropa Ittifoqi yetakchilarini qabul qiladi. Ularning uchrashuvi esa juda qisqa bo‘lishi kutilmoqda. Chunki Tramp Yevropa rahbarlari bilan 40–45 daqiqa gaplashgandan so‘ng, Toshkent vaqti bilan 19 avgustga o‘tar kechasi 00:00 da nihoyat barcha qatnashadigan umumiy uchrashuv boshlanadi.
Yuqorida qayd etilgan 2–3 soatlik muzokaralarda Ukraina taqdiri hal etilishi mumkin. Bu shu uchrashuvlarda amalga oshish ehtimoli yo‘q emas. Ammo yakuniy qarorni baribir Zelenskiy qabul qiladi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va AQSH Prezidenti Donald Tramp aynan shu qarorni kutmoqda. Umuman olganda juda ko‘p masalalarning yechimi aynan Zelenskiyning Oq uydagi qarorini kutmoqda. Ammo achinarlisi shundaki, har qanday qaror ham Ukraina uchun og‘riqli bo‘lishi mumkin. Rossiyaning shartlari deya ta’kidlangan yuqorida sanab o‘tilgan kapitulyatsiyaga ko‘nish yoki qarshilikni davom ettirish – ikki holatda ham Ukraina yo‘qotishlarga uchrashi tayin. Ammo Zelenskiy bugun qaror qabul qilishga majbur.
Live
Barchasi