Yer va ko‘chmas mulk ijarasida yangi qoidalar joriy etiladi
Jamiyat
−
11:08 1439 2 daqiqa
O‘zbekistonda ijara munosabatlarini takomillashtirish, jumladan, ijaraga olingan yer maydonlarini ikkilamchi ijaraga berish va tadbirkorlik faoliyati uchun “tijorat ijarasi” toifasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident joriy yilning 27 avgust kuni qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda qonun loyihasi ishlab chiqilishi kerak. Loyihani joriy yil oktyabriga qadar tayyorlash vazifasi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Soliq qo‘mitasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yuklatilgan.
Qonun loyihasida ijaraga olingan yer maydonlarini ikkilamchi ijaraga berish huquqini joriy etish, shuningdek, auksion orqali ijaraga olingan yerlarni boshqa tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, ko‘chma savdo ob’ektlarini joylashtirishga ruxsat berish tartibi belgilanishi rejalashtirilgan.
Tadbirkorlik faoliyati uchun ko‘chmas mulk ijarasi bo‘yicha “tijorat ijarasi” toifasi joriy etiladi. Uning tavsiya etiladigan namunaviy shartnomasi ham ishlab chiqiladi.
Shuningdek, bir yildan kam bo‘lmagan muddatga tuzilgan ijara shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabi bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Bunda shartnomalarni soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibi saqlab qolinadi va ijara.soliq.uz hamda kadastr axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali avtomatik hisobga olish yo‘lga qo‘yiladi.
Hujjatda shartnoma amal qilayotgan davrda ijara haqini o‘zgartirish masalasi ham tartibga solinadi. Bunda ijara haqi tomonlarning kelishuvi yoki shartnomada belgilangan indeksatsiya mexanizmi asosida o‘zgartirilishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, ijaraga berilgan ob’ekt sotilgan taqdirda, yangi mulkdor amaldagi tijorat ijarasi shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchining huquq va majburiyatlarini avtomatik ravishda qabul qilishi belgilanadi.
Ijarachi tomonidan ob’ektga kiritilgan investitsiyalarni qoplashning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish ham qonun loyihasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.
Shuningdek, jismoniy shaxs o‘ziga tegishli ko‘chmas mulkni o‘ziga tegishli yuridik shaxsga ijaraga bergan holatda ijara to‘lovining minimal miqdori qo‘llanilmasligi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim imtiyozlarning amal qilish muddatlari uzaytirilishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi