Yaponiyadagi kuchli zilzila qurbonlari soni 13 nafarga yetdi (video)
Olam
−
29 iyul 2332 3 daqiqa
Yaponiyaning janubida sodir bo‘lgan 7,1 magnitudali zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 13 nafarga yetdi. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni qutqarish ishlarini davom ettirmoqda. Bu haqda bugun, 29 iyul kuni "Reuters" xabar berdi.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining aytishicha, qutqaruv ishlarida har bir daqiqa muhim ahamiyatga ega.
“Hozir ham qutqarilishini kutayotgan odamlar bor va bu vaqt bilan poyga hisoblanadi. Imkon qadar ko‘proq insonning hayotini saqlab qolish uchun mavjud barcha kuch va vositalar safarbar qilinadi”, degan Takaichi.
Zilzila minglab uylarni elektr ta’minotisiz qoldirgan, yo‘llarga jiddiy shikast yetkazgan.
29 iyul kuni ertalab qutqaruvchilar qisman qulab tushgan savdo markazi vayronalari orasidan sakkiz nafar insonni tirik olib chiqqan. Zilziladan taxminan bir soat o‘tib sodir bo‘lgan, sababi hozircha noma’lum portlash oqibatida 20 yoshlardagi ikki ayol halok bo‘lgan. Mahalliy OAVga ko‘ra, hodisa gaz portlashi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi tekshirilmoqda.
Qutqaruvchilar, politsiya va harbiylar yordam chaqiruvlari kelib tushgan hududlarda qidiruv ishlarini olib bormoqda. NHK telekanali ma’lumotiga ko‘ra, savdo markazining 20–30 nafar xodimi bedarak yo‘qolgan.
Shuningdek, Nippon Paper Industries kompaniyasi zavodida mo‘ri qulashi oqibatida 7 kishi bedarak yo‘qolgan, to‘rt nafar inson og‘ir jarohat olgan. Shifoxonalarda o‘nlab jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hokimiyat Kumamoto prefekturasi bo‘ylab taxminan 260 ming kishiga evakuatsiya markazlariga ko‘chish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Zilzila epitsentri aholisi 700 ming nafarga yaqin bo‘lgan Kyusyu orolining eng yirik shahri Kumamotodan janubga tomon taxminan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Mutaxassislar aholini kamida bir hafta davomida takroriy kuchli zilzilalar va ko‘chkilar xavfidan ogoh bo‘lishga chaqirgan.
Qayd etilishicha, hozir ham 36 mingdan ortiq xonadon elektr ta’minotisiz qolmoqda. Havo harorati 34 darajagacha ko‘tarilgani sababli issiq urishi xavfi ham ortib bormoqda.
Epitsentrga yaqin Uki shahridagi shifoxonalardan biri elektr uzilishi sababli to‘liq ishlay olmayotganini bildirgan. Muassasa rahbariyati uning “dala gospitali”ga aylanganini ma’lum qilgan. Yana bir shifoxona esa zilziladan keyin 86 nafar jabrlanganni qabul qilgani ortidan yangi bemorlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatgan.
Zilzila vaqtida tezyurar poyezdlarda bo‘lgan bir necha yo‘lovchi ham jarohat olgan.
Eng katta vayrona Kumamoto prefekturasidagi 200 ga yaqin do‘kon joylashgan Aeon savdo markazida kuzatilgan. Portlash oqibatida binolarning bir qismi qulab, temir konstruksiyalar va chiqindilar avtoturargohga sochilib ketgan. Kompaniya vakili zilziladan so‘ng barcha mijozlar va xodimlar evakuatsiya qilinganini, portlash sababi hozircha aniq emasligini aytgan.
Zilzila ortidan Tokyo Electron va Honda kompaniyalari mintaqadagi zavodlari ishini bugun, 29 iyul kunigacha to‘xtatgan. Dunyoning eng yirik shartnoma asosida chip ishlab chiqaruvchisi TSMC esa ehtiyot chorasi sifatida mahalliy korxonasi xodimlarini evakuatsiya qilgan, keyinchalik ishlab chiqarish bosqichma-bosqich qayta tiklanganini ma’lum qilgan.
Yirik avtomobil yo‘llarida ham katta yoriqlar paydo bo‘lib, transport harakati izdan chiqqan.
Ma’lumot uchun, Yaponiya Tinch okeani atrofidagi “Olov halqasi”da joylashgani sababli dunyodagi eng seysmik faol davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda 6,0 va undan yuqori magnitudali zilzilalarning qariyb 20 foizi sodir bo‘ladi.
Bundan o‘n yil avval Kumamotoda yuz bergan kuchli zilzila 275 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 2 739 nafar inson jarohatlangan va minglab binolarga, jumladan mashhur Kumamoto qal’asiga jiddiy zarar yetkazgan.
Live
Barchasi