Yaponiya diplomatiyasi rahbari O‘zbekistonga kelyapti

Jamiyat

image

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya 26-27 avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Vazir tashrifi oldidan “Yaponiya O‘zbekistonning ishonchli hamkori va do‘sti bo‘lib qolmoqda” nomli maqolasini e’lon qildi. 

U maqolasida O‘zbekistonga kelish bir necha yillik orzusi bo‘lganini va bu amalga oshayotganidan xursand ekanini bildirgan.

“O‘zbekiston va Yaponiyani bir necha ming kilometr quruqlik va dengiz ajratib turganiga qaramay, o‘tgan yillar davomida xalqlarimiz madaniy va etnik yaqinlik tuyg‘usini saqlab, mustahkamlab kelmoqda.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng ko‘p sonli yaponiyaliklar sobiq Sovet Ittifoqi tomonidan internirlangan edi. Shunga qaramay, O‘zbekistondagi yaponiyalik ishchilar va mahalliy aholi o‘rtasida iliq munosabatlar shakllandi. Yaponlar ko‘magida barpo etilgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining mahobatli binosi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik timsoliga aylandi. Eshitishimcha, 1966 yilda Toshkentdagi zilzila paytida ushbu bino zarar ko‘rmay qolgan va hozirda shahar aholisining opera va balet tomosha qilish maskani bo‘lib xizmat qilmoqda”, deydi diplomat.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1992 yilda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Yaponiya o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston taraqqiyotini izchil qo‘llab-quvvatlab keladi va doimo uning ishonchli hamkori hamda do‘sti bo‘lib kelmoqda.

Bildirilishicha, Yaponiya tomonidan Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan muammolar, jumladan, murakkab iqlim sharoitida barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va texnologiyalar bilan ta’minlash orqali o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchni qo‘llab-quvvatlash rejasi ishlab chiqilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Takesi Ivaya ertaga, 27 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov uchrashadi. Ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlarining birinchi strategik muloqoti doirasida siyosat, iqtisodiyot va madaniyat kabi turli sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, xalqaro chaqiriqlarga birgalikda javob berish masalalari yuzasidan samimiy fikr almashiladi.

Ma’lumot uchun, Takesi Ivaya kecha, 25 avgust kuni Qozog‘istonda bo‘lgan va mamlakat rahbariyati bilan uchrashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Yaponiya Takesi Ivaya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing