Yaponiya favqulodda neft zaxiralaridan foydalanishni boshladi
Olam
−
16 mart 5033 2 daqiqa
Eron urushi sabab global energetika inqirozi kuchayib borayotgan bir paytda Yaponiya favqulodda neft zaxiralaridan foydalanishni boshladi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi o‘tgan hafta Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga tahdidlari tufayli neft ta’minotida muammolar yuzaga kelishi mumkinligini aytib, zaxiradagi 80 million barrel neftni chiqarish rejasini e’lon qilgan.
Ushbu qaror Xalqaro Energetika Agentligi ham global bozordagi vaziyatni yumshatish maqsadida rekord darajada – 400 million barrel neft chiqarishni muvofiqlashtirishini ma’lum qilgan paytga to‘g‘ri keldi.
Tahlilchilarga ko‘ra, odatda dunyo neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish deyarli to‘xtab qolgan. Shu sababli neft narxlari keskin oshmoqda.
So‘nggi haftada neft narxi bir necha bor barreliga 100 dollardan oshdi. Brent markali neft narxi joriy yilning 28 fevralida urush boshlanganidan buyon bir necha foizga ko‘tarilib, bugun, 16 mart holatiga ko‘ra bir barrel uchun 104,85 dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Donald Tramp boshqa davlatlarni Hormuz bo‘g‘ozini ochishga yordam berishga chaqirgan. Biroq, Tokio hozircha bu hududga o‘z harbiy kemalarini yuborish rejasi yo‘qligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Yaponiya dunyodagi eng yirik neft importchilaridan biri bo‘lib, mamlakat energiya ehtiyojining qariyb 80 foizini xorijdan keltiriladigan qazilma yoqilg‘ilar hisobiga qoplaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hormuz bo‘g‘ozi hududida uchta fuqarolik kemasi o‘qqa tutilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi