Yangi O‘zbekistonning 4 viloyatida bolalar majburiy mehnatga jalb etilgani aniqlandi
Jamiyat
−
24 mart 2021
5943O‘zbekiston va majburiy mehnat. Yaqin-yaqingacha bularni bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmasdi. Ayniqsa, kuz oylarida majburiy mehnat avjiga chiqib, paxta yig‘im-terimi tugagach, boshqalarning tekin mehnati, mardikorligi evaziga terilgan paxtani ko‘z-ko‘z qilib, rejani bajardik, deya ko‘ksimizga urish an’anaga aylanib qolgan edi. Bundan g‘ururlanardik, majburlayotganimizni, majburlanayotganimizni tan olmasdik.
Yangi O‘zbekistonda esa hamon bolalarni majburiy mehnatga javlb qilish holatlari uchrab turibdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi – Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva komissiyaning bugun, 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘z ochdi. Rais 4 ta viloyatda maktab o‘quvchilari majburiy mehnat – obodonlashtirishga dars vaqtida jalb etilganini urg‘uladi.
“Obodonlashtirish ishlariga xodimlarni majburiy jalb etish bo‘yicha eng ko‘p holatlar Buxoro viloyatida 9 ta, Qashqadaryo viloyatida 7 ta, Toshkent viloyatida 6 ta, Samarqand viloyatida 5 ta qayd etilgan. Biz bu borada ko‘rilgan chora-tadbirlar samaradorligini 2020 yil 4 dekabr kuni o‘tkazilgan majlisimizda hududlar kesimida tanqidiy muhokama qilgan edik va bunga batafsil to‘xtalib o‘tishim shart emas. Afsuski, ob-havoning isishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda xodimlar majburiy tarzda obodonlashtirish ishlariga jalb etilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalishi boshlandi.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida 7 ta shu kabi holat qayd etilgan edi. Yozib olishingizni so‘rayman, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida 7 ta shu kabi holat aniqlangan”, deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva
Voyaga yetmagan shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari xalq ta’limi muassasalarida ham kuzatilayotgani, achinarli albatta. Yuqorida keltirib o‘tilgan vaziyatlarning barchasi maktab o‘quvchilari bilan bog‘liq vaziyat ekanligi buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
“Yuqorida aytib o‘tilgan 4 ta holatda ham voyaga yetmaganlar, ya’ni maktab o‘quvchilari obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etilgan. Masalan joriy yilning 29 yanvar kuni Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi 13-maktab direktori o‘rinbosari 5- va 8- sinf o‘quvchilarini maktab hududini obodonlashtirish ishlariga jalb etgan. Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 33-maktab direktori o‘quvchilarni o‘z xonadonidagi chiqindilarni tozalash ishlariga majburlagan. Shuni eslatib o‘tmoqchimanki, 2021 yil 12 fevraldan boshlab voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanadi. Mana shuni eshitib olinglar, endi ogohlantirish, iltimos qilish ham yo‘q”.
Ro‘zimurod Berdiyev
LiveBarchasi