Soxta tabassumlarga boy tashrif. Tramp Xitoyda! (fotoreportaj)
Olam
−
16:53 3011 4 daqiqa
Kecha, 13 may kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning 2017 yil noyabr oyidan beri ilk davlat tashrifi va amaldagi AQSH Prezidentining so‘nggi qariyb to‘qqiz yil ichidagi Xitoy Xalq Respublikasiga (XXR) birinchi tashrifi boshlandi.
Tramp va Si Szinpin Amerika yetakchisining tashrifi borasida 2025 yil kuzida Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida kelishib olgan edi.

Pekinda Amerika Prezidenti sharafiga tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. U Xalq Assambleyalari saroyi oldida o‘tkazildi.

Yetakchilar kengaytirilgan tarkibda ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazgan. Delegatsiya tarkibiga Mudofaa vaziri Pit Xegset, Davlat kotibi Marko Rubio va AQSH Moliya vaziri Skott Bessent kirgan. Muzokaralar 2 soat-u 15 daqiqa davom etgan.

Trampning tashrifi davomida AQSH va XXR yetakchilari Vashington va Tehron o‘rtasidagi nizoni, savdo cheklovlarini, Tayvan masalasini muhokama qilishlari, shuningdek, iqtisodiy masalalar va sun’iy intellekt (SI) sohasida kelishuvlarga erishishlari kutilmoqda.

Tramp va Si Szinpin Xalq Assambleyalari saroyi oldida qo‘l berib ko‘rishgan. AQSH Prezidenti XXR raisini “buyuk yetakchi” deb atagan va Vashington hamda Pekin o‘rtasidagi munosabatlar avvalgidan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishiga ishonch bildirgan.

“Siz bilan do‘st bo‘lish men uchun katta sharaf”, deydi AQSH yetakchisi.
Kutib olish marosimida Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi harbiylari ishtirok etgan.

Tramp bilan birga Xitoyga AQSHning yetakchi texnologik kompaniyalari rahbarlari, jumladan, tadbirkor Ilon Mask ham borgan. U safarga o‘zi bilan o‘g‘li X Æ A-12 ni ham olib borgan.

Sentyabr oyida o‘z lavozimini tark etadigan Apple bosh direktori Tim Kuk ham Amerika delegatsiyasi tarkibidan joy olgan.

Amerika biznesining yana bir vakili – Nvidia asoschisi va bosh direktori Jensen Xuang. U AQSH delegatsiyasiga Air Force One samolyoti Alyaskadagi Ankorij aeroportida yonilg‘i quyish uchun to‘xtaganida qo‘shilgan. Avvalroq CNBC Jensen Xuang Xitoy safariga taklif etilmagani haqida xabar bergan, biroq Tramp bu ma’lumotni rad etdi va Nvidia rahbari delegatsiyaga qo‘shilishi bilan bu haqda Truth Social tarmog‘ida ma’lum qildi. Xitoyga, shuningdek, Goldman Sachs, Citigroup, Blackstone, GE Aerospace, Boeing va Visa rahbarlari ham borgan.

Si Szinpin Tramp bilan uchrashuvda Xitoy va AQSH “raqib emas, balki sherik” bo‘lishi va ikki davlat o‘rtasidagi “yangi davr” munosabatlari uchun yo‘l ochishi kerakligini aytgan.

NBC qayd etishicha, Tramp Si Szinpin bilan uchrashuvdagi kirish so‘zida Eron yoki dunyodagi boshqa nizolarni tilga olmagan.
“Xitoy-Amerika munosabatlaridagi barqarorlik – butun dunyo uchun foydali”, deydi o‘z navbatida XXR raisi.
Tramp, shuningdek, Si Szinpin bilan gongkonglik mediamagnat Jimmi Lay ishini muhokama qilmoqchi. Lay milliy xavfsizlikni buzishda ayblanib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Gongkong sudi tadbirkorni xorijiy fitnalarning “ilhomlantiruvchisi” va harakatlantiruvchi kuchi deb atagan. Jimmi Layning o‘zi aybini tan olmaydi va ishini siyosiy deb hisoblaydi.

Si Szinpin o‘z kirish so‘zida “Fukidid qopqoni” – hukmron davlat mavqeiga boshqa jadal o‘sib borayotgan davlat tomonidan tahdid solinadigan vaziyatni ifodalovchi konsepsiyani tilga olgan.
“Xitoy va Qo‘shma Shtatlar “Fukidid qopqoni” deb ataluvchi to‘siqni yengib o‘tib, yirik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi modelini yarata oladimi?” deya savol tashlagan Xitoy yetakchisi.

Si Szinpin uchrashuv davomida Trampni Tayvan masalasi AQSH va Xitoy munosabatlaridagi eng muhim masala ekani va unga oqilona yondashuv mamlakatlar o‘rtasidagi barqarorlikni kafolatlashi haqida ogohlantirgan. Bu masalani hal qilishda samarasiz yondashuv AQSH va Xitoy o‘rtasida nizolarni keltirib chiqaradi, bu esa ikki tomonlama munosabatlarning jiddiy yomonlashishiga olib keladi va mamlakatlarni xavfli vaziyatga tushirib qo‘yadi, deb ta’kidlaydi Xitoy yetakchisi. U, shuningdek, “Tayvan mustaqilligi” va “Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik” tushunchalari bir-biriga zid ekanini aytgan.

Ikki tomonlama uchrashuv yakunlangach, yetakchilar Osmon ibodatxonasiga – XV asrga oid imperatorlik ibodatxonalar majmuasiga yo‘l olgan. Bu yerda ilgari yaxshi hosil olish uchun rituallar o‘tkazilgan. Majmua osmon va inson o‘rtasidagi uyg‘unlikni anglatadi.

NBC qayd etishicha, Tramp 1975 yildan beri bu yerga tashrif buyurgan birinchi AQSH Prezidenti bo‘lgan. O‘shanda ibodatxonada Jerald Ford bo‘lgan edi.

Osmon ibodatxonasiga tashrifdan so‘ng davlat ziyofati bo‘lib o‘tadi, ertaga, 15 mayda esa yetakchilar choy ustida va ishchi tushlikda norasmiy muzokaralar o‘tkazadi, shundan so‘ng Tramp Pekinni tark etadi.
Live
Barchasi