Yaman hukumati 9 yildan buyon yopiq bo‘lgan avtomagistralni ochdi
Olam
−
23 fevral 2024 6180 1 daqiqa
Yaman Prezident kengashi a’zosi Sulton al-Arad 9 yildan beri yopilgan Marib-Sana avtomobil yo‘lining qayta ochilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi
Ma’lum qilinishicha, Yaman hukumati husiylarni ham ularning nazorati ostidagi yopiq yo‘llarni ochishga chaqirgan. Cheklovlarni olib tashlash aholining shundoq ham og‘irlashib borayotgan ahvolini yengillashtirishga xizmat qilishi bilan izohlagan.
Aytilishicha, bu qaror siyosiy va harbiy yetakchilarning maslahatiga ko‘ra qabul qilingan. Bundan tashqari, barcha to‘sib qo‘yilgan yo‘llarni, jumladan, mamlakat janubi-g‘arbidagi Taiz shahriga olib boruvchi yo‘lni ochish muhimligi ham ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, Marib-Sana avtomobil yo‘li Yamandagi fuqarolik urushi sababli 2015 yilda yopilgan edi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Ansorulloh” harakati 2014 yil sentyabridan buyon Yaman poytaxti Sana va mamlakatning bir qancha hududlarini nazorat qilib kelmoqda. BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar urushi tufayli Yaman aholisining 73 foizi (taxminan 23,4 million kishi) insonparvarlik yordamiga muhtoj, yana 4,3 million kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Sarvar Xurramov
Live
Barchasi