World Athletics sobiq xodimlarining o‘g‘riliklari fosh etildi

Sport

image

Jahon yengil atletika federatsiyasi (World Athletics) tashkilotining sobiq xodimlari bir necha yil davom etgan “tizimli o‘g‘rilik” sxemasi doirasida taxminan 1,75 million dollar mablag‘ni o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda federatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
 
Tashkilotning bayonotiga ko‘ra, ichki tekshiruv natijasida yillar davomida amalga oshirilgan shubhali moliyaviy operatsiyalar aniqlangan. Holat yuzasidan to‘plangan ma’lumotlar Buyuk Britaniya va Monako huquq-tartibot organlariga topshirilgan. (World Athletics shtab-kvartirasi ham aynan Monakoda joylashgan.) Xodimlardan biri o‘g‘rilik fosh etilishidan oldin federatsiyani tark etgan, yana bir xodim va maslahatchining esa ichki tekshiruv natijalaridan so‘ng shartnomalari bekor qilingan. Hozircha har ikkisi ham OAVning so‘rovlariga javob bermagan.

Jahon yengil atletika federatsiyasi prezidenti Sebastyan Kou bu holatni keskin qoralab, yo‘qotilgan mablag‘larni qaytarish uchun barcha qonuniy choralar ko‘rilishini bildirgan.

“Ko‘plab tashkilotlar bunday hodisalarni yashirishga harakat qiladi. Biz esa boshqachamiz. Shaffoflik va halollikni saqlab qolish biz uchun ustuvor. Bu noqulay bo‘lishi mumkin, ammo biz to‘g‘ri ish qilishni tanlaymiz”, deydi Kou.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘irlangan pullar World Athletics tomonidan Parij-2024 Olimpiadasida oltin medal egalari uchun to‘langan 2,4 million dollarlik mukofot puli miqdorining yarmidan ko‘prog‘iga teng.

Tashkilot o‘tgan oy 2024 yildagi jami daromadi 99,4 million dollarni tashkil etganini e’lon qilgan. Bu ko‘rsatkich asosan Olimpiada o‘yinlari va translyatsiya huquqlaridan tushgan daromad evaziga oshgan.

Ma’lumot uchun, federatsiya 2026 yilda engil atletika bo‘yicha Jahon chempionatini o‘tkazadi. Turnirda umumiy mukofot puli 10 million dollarni tashkil etib, g‘oliblarga 150 ming dollardan berilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon engil atletika federatsiyasi Sebast'yan Kou “tizimli o'g'rilik”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar