Veto vaqtida “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilmaydi – Zurabishvili 

Olam

image

Gruziyadagi “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga Prezident veto qo‘yishi vaqtida o‘zgartirishlar kiritilmaydi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvili Polshaning TVP World telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

"Uni (qonunni) o‘zgartirish mumkin emas. Yevropaga qarshi bo‘lgan ushbu qonunni birdaniga kichik tuzatishlar kiritish orqali bizni Yevropaga yaqinlashtiradigan shaklga keltirib bo‘lmaydi", deydi Zurabishvili jurnalistning veto qo‘yish jarayonida Prezident tomonidan qonun loyihasini parlamentga qayta taklif qilish orqali murosaga erishish mumkinmi, degan savoliga javob berar ekan.

Zurabishviliga ko‘ra, hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi qonunni mustaqil ravishda va Prezident vetosisiz o‘zgartirish imkoniyatiga ega.

"Ular qonunni qaytarib olishi, to‘xtatib turishi, o‘zlari o‘zgartirishi mumkin", deydi Zurabishvili.

Qayd etish joizki, 14 may kuni Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni uchinchi o‘qishda qabul qilgan va bu Yevropa Ittifoqining mamlakatning YeIga integratsiyalashuvini to‘xtatib qo‘yish tahdidlari haqida keskin bayonotlariga sabab bo‘lgan. Qonun qabul qilinishidan oldin ham Zurabishvili unga veto qo‘yishini aytgan edi. Prezident buni 28 maygacha bajarishi kerak.

Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze esa agar Prezident tomonidan berilgan asosli mulohazalar qabul qilinsa, parlament veto qo‘yishni qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini aytgan.

Prezidentning parlament bo‘yicha kotibi Giorgiy Msxiladze esa Zurabishvili veto haqidagi mulohazalarida Venetsiya komissiyasining tavsiyalarini inobatga olishini bildirgan.

Ma’lumot uchun, “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish aprel oyida boshlangan. O‘shandan beri Gruziyada keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Bir necha marta ular xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvga aylangan. Qonunga AQSH, Yevropa Ittifoqi, BMT, NATO, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va Yevropa Kengashi qarshi. Yevropa yetakchilari bu qonun Yevropa qadriyatlariga zid ekanini aytmoqda. Gruziyaning hukmron partiyasi yetakchilarining ta’kidlashicha, u faqat nodavlat sektor va ommaviy axborot vositalarining xorijdan moliyalashtirilishi shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Salome Zurabishvili xorijiy agentlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made