Xalqlar do‘stligi kuni. “O‘zbekistondan minnatdormiz”
Jamiyat
−
30 iyul 8762 5 daqiqa
30 iyul “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan joriy yilning 25-31 iyul kunlari O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va do‘stlikni tarannum etuvchi an’anaviy “Do‘stlik” festivali tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
“Do‘stlik” festivali doirasida Toshkentda 22 ta davlatning madaniy markazi pavilonlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlis deputatlari, tegishli qo‘mita a’zolari, turli millat va elat vakillari ishtirok etdi. QALAMPIR.UZ tadbirni bevosita yoritib bir qancha xorijlik diplomatlarga O‘zbekistonning bugungi investitsion salohiyati haqida savol bilan yuzlandi
Isroilning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gideon Lustigga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda ikki yuz ellikdan ortiq Isroil kompaniyalar faoliyat yuritmoqda va so‘nggi yillarda savdo hajmi qariyb 20 foizga oshgan.
.jpg)
“Ayni paytda, qishloq xo‘jaligi, “yashil” texnologiyalar, yuqori texnologiyalar, farmatsevtika va tibbiyot sohalarida keng ko‘lamli hamkorlik mavjud. Isroil delegatsiyalari O‘zbekistonga tashrif buyurib, bu yerda mavjud bo‘lgan turli imkoniyatlarni o‘rganmoqda. O‘ylaymanki, O‘zbekiston – rivojlanayotgan bozor bo‘lib, u ko‘plab taraqqiyot imkoniyatlarini taqdim etadi. Rivojlangan davlatlar, xususan Isroil, o‘z tajribasidan kelib chiqib, yangi texnologiyalarni yaratdi va endilikda ushbu texnologiyalarni O‘zbekiston bilan baham ko‘rib, u yerda mahalliy texnologiyalarni rivojlantirishga yordam berishi mumkin. Kamchiliklar borasida aytadigan bo‘lsam, ba’zida bu yerda biznes yuritish uchun ko‘proq mehnat qilish talab etiladi. Biroq Isroil elchixonasi O‘zbekistonga kelayotgan investorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yordam berishdan mamnun”, dedi diplomat.
Belarusning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Alelsandr Nikolayevich Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida juda yaqin, har tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanayotganini urg‘ulab, bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida keng qamrovli shartnomaviy-huquqiy asos yaratilgani, iqtisodiyot esa juda dinamik va samarali rivojlanayotganini qayd etdi.
.jpg)
“Birinchi navbatda, albatta, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalarga e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, biz turizmni ham faol ravishda o‘zaro rivojlantirish imkoniyatlarini topmoqdamiz. O‘zbekistondagi hozirgi islohotlar bu yerga biznes va investorlar kirib kelishi uchun juda ko‘p imkoniyatlar yaratmoqda. Belarusdan allaqachon bu yerga kirib kelgan yoki O‘zbekistonda faol ishlash va o‘z ishlab chiqarishini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan bir nechta jiddiy kompaniyalar bor. Shu sababli, ishlashni istagan har qanday odam imkoniyat topa oladi, ayniqsa mamlakat rahbariyati bu borada faol yordam berayotgan bir paytda”, dedi Alelsandr Nikolayevich.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv istiqomat qilib kelmoqda. Turli millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish maqsadida 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatyapti. Ayniqsa, mamlakatning siyosiy institutlari hisoblangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 12,7 foiz, mahalliy Kengashlarda 11,2 foiz deputatlar turli millat va elatlar vakillari hisoblanadi.
Har bir pavilonda turli millatlarning urf-odatlari, an’anaviy kiyimlari, milliy taomlari va boy madaniy merosi aks ettirilgan ekspozitsiyalar taqdim etildi. Tadbir davomida biz turli elatlar vakillari bilan ham suhbatlashib, ularning bugungi bayram haqidagi taassurotlari hamda O‘zbekistonda millatlararo totuvlik borasidagi fikrlarini eshitdik.
Qrim-tatar milliy madaniy markazi badiiy rahbari Zokir Ajiosman o‘zlariga biriktirilgan pavilonni qrim-tatar xalqiga oid rasmlar bilan, Bog‘chasaroy maketi bilan bezatganini aytib, xon saroyi haqida bizga ma’lumot berdi. Shuningdek, “Do‘stlik” kunlari O‘zbekistonda juda katta bayramga aylanib qolgani, bu tantana yetti kecha-yu yetti kunduz qayd etilishini aytib o‘tdi.
“Endi bizning xonlar qariyb 17–18 ta Geray (Qrim xonlari sulolasi – tahr.) bo‘lgan. Endi shu Bog‘chasaroyda o‘tirib, yashab, davlatni qaragan. Bilasizmi? Mana, 25 iyuldan boshlab, 31-sanagacha bayram. O‘shaning uchun yetti kun – bu juda asosiy bayram”, dedi u.
Qolaversa otaxon o‘zbek va qrim-tatar xalqlari bir millat ekani, qrim-tatarlar O‘zbekistonda nimadir bo‘lsa, hamisha yordamga shoshishini urg‘uladi.
.jpg)
“Bizning tilimiz bir, dinimiz bir. O‘shaning uchun biz, agar sizga nimadir yomonlik bo‘lsa, biz turib, yordamga boramiz har doim. O‘zbek xalqi mehmondo‘st, keyin ochiq xalq”, dedi Zokir Ajiosman.
Yosh va umidli xonanda Mehdi Mayisog‘li tadbirda chiqish qilish uchun Ozarbayjondan kelgani va bu tadbirda ishtirok etayotganidan va “O‘zbek bolasi” qo‘shig‘ini ozarbayjon tilida kuylashdan faxr tuyg‘usini his qilayotganini bildirdi.
.jpg)
“Chunki O‘zbekiston juda tarixiy mamlakat, yuksak madaniyatga ega. Men doimo qiziqaman va o‘rganaman. Bugungi do‘stlik festivalida ishtirok etganimdan juda xursandman. Bugun ozarbayjon tilida “O‘zbek bolasi” qo‘shig‘ini kuylayman, yoqadi degan umiddaman”, dedi u.
Turkman madaniyat markazi raisi Amangul Avezdurdiyeva O‘zbekistonda hech qanday millat ajratish yo‘q ekanligidan, boshqa xalq vakillariga barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganidan sevinishini bildirdi va ular xohlasa, turkman tilida, xohlasa, o‘zbek tilida o‘qishini, O‘zbekistonda 45 ta turkman tilida dars olib borilayotgan maktablar borligidan xursand ekanini qayd etdi.
.jpg)
“Shu ona tilimizni, urf-odatlarimizni esimizdan chiqarmasligimiz uchun respublikamizda bizda Prezidentimiz tomonidan turli shart-sharoitlar yaratib berilgan. Do‘stligimizga ko‘z tegmasin, o‘zbek-turkman do‘stligi abadiy bo‘lsin!” dedi Amangul opa.
Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi