O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga yetdi
Jamiyat
−
09 Oktabr 2025 13085 1 daqiqa
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda qariyb 5 milliard dollarga yaqin qiymatda oshdi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan statistik raqamlarda ko‘rsatilgan.
2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralarining 44,2 milliard dollarlik qismi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi (avgustda bu 40 milliard dollar edi), qolgan qismi esa xorijiy valyuta va qimmatli qog‘ozlarda saqlanadi.
Taqqoslash uchun, 2024 yilning shu davrida zaxiralar qiymati 41,1 milliard dollar bo‘lgan, ya’ni bir yil ichida ular 13,9 milliard dollarga oshgan. Bu o‘sishning katta qismi – 12,4 milliard dollar – oltin narxining keskin ko‘tarilishi hisobiga yuz bergan.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri bir unsiya (31,1 gramm) oltin narxi 2,6 ming dollardan 4 ming dollardan oshgan, ya’ni deyarli 50 foizga qimmatlagan.
Shu bilan birga, oltin zaxirasining qiymati oshgan bo‘lsa-da, hajmi biroz kamaygan. 1 oktyabr holatiga ko‘ra, zaxiralarda 11,6 million unsiya (409,1 ming tonna) oltin mavjud. Avgustda bu ko‘rsatkich 11,8 million unsiya, sentyabr boshida esa 12,3 million unsiya bo‘lgan.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston 22,98 milliard dollarlik tovar va xizmat eksport qilgan, shundan 8,42 milliard dollari (36,7%) oltin eksporti hissasiga to‘g‘ri kelgan — bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Live
Barchasi