O‘zbekistonning 24 ta universiteti Top-1000 ta oliygoh reytingiga kirdi
Jamiyat
−
28 iyun 9176 2 daqiqa
O‘zbekistonning 24 ta universiteti dunyoning eng nufuzli 1000 ta oliygohi reytingidan joy oldi. Bu haqda “Times Higher Education” (THE) xalqaro reyting agentligi tomonidan joriy yilning 24 iyun kuni Indoneziyada bo‘lib o‘tgan ta’lim kongressi doirasida e’lon qilingan “THE Sustainability Impact Ratings 2026” reytingida keltirilgan.
Ushbu reyting dunyo oliy ta’lim muassasalarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shgan hissasini ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, institutsional boshqaruv, ijtimoiy mas’uliyat, ekologik barqarorlik va xalqaro hamkorlik kabi muhim mezonlar asosida baholaydi.
2026 yilgi natijalarga ko‘ra, reytingda O‘zbekistonning jami 50 ta oliy ta’lim muassasasi joy olgan. Ulardan 24 ta universitet dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliygohi qatoriga muvaffaqiyatli kirgan.
Eng yuqori natijani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayd etib, 101-200-o‘rinlar guruhidan joy olgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy universiteti va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti 201–300-o‘rinlar, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti 301–400-o‘rinlar diapazonidan joy olgan.
O‘zbekiston universitetlari barqaror rivojlanishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Gender tengligi” yo‘nalishida dunyoda 8-o‘rinni egallagan. Toshkent davlat texnika universiteti “Arzon va toza energiya” yo‘nalishida 5-o‘rinni, Farg‘ona politexnika instituti esa 6-o‘rinni band etgan.
Shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universiteti “Gender tengligi” yo‘nalishida 20-o‘rinni, Termiz davlat universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Arzon va toza energiya” yo‘nalishida mos ravishda 36- va 48-o‘rinlarni egallagan. Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti “Salomatlik va farovonlik” yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 100 ta universiteti qatoriga kirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu reytingda ishtirok etayotgan O‘zbekiston universitetlari soni yildan-yilga ortib bormoqda. Agar 2021 yilda reytingda bor-yo‘g‘i 12 ta oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 30 tani, 2023 yilda 47 tani, 2024 yilda 53 tani tashkil etgan, 2025 yilda esa 59 taga yetgan. 2026 yilda reytingga mamlakatning 50 ta oliy ta’lim muassasasi kiritilgan va ulardan 24 tasi top-1000 talikdan munosib joy olgan.
Live
Barchasi