O‘zbekistonliklar JCH oldidan bukmekerlik xizmatlari bo‘yicha ogohlantirildi
Sport
−
09 iyun 4032 2 daqiqa
2026 yil futbol bo‘yicha Jahon chempionati oldidan internet va ijtimoiy tarmoqlarda bukmekerlik xizmatlari hamda qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi reklama materiallari tarqatgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Mutaxassislar qayd etishicha, yirik sport musobaqalariga qiziqishning ortishi ba’zi shaxslar tomonidan fuqarolarni turli bukmekerlik platformalariga jalb qilish vositasi sifatida ishlatilmoqda. Ularda sport natijalariga pul tikish, qisqa muddatda daromad olish yoki yirik yutuqlar va’dasi orqali aholini tavakkalchilik o‘yinlariga jalb etish holatlari uchramoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasiga ko‘ra, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, jumladan, internet orqali tashkil etiladigan bunday xizmatlarni reklama qilish taqiqlangan. Shuningdek, ushbu turdagi reklama materiallarini tayyorlash, joylashtirish yoki tarqatish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, ayrim shaxslar anonim akkauntlar va soxta profillar orqali, shuningdek xorijiy platformalardan foydalangan holda ushbu turdagi reklamalarni tarqatishga urinmoqda. Biroq bunday harakatlar vakolatli organlar tomonidan nazoratga olingan.
Aniqlangan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha ma’lumotlar tegishli davlat organlariga, jumladan, Ichki ishlar vazirligining kiberxavfsizlik bo‘linmalariga taqdim etiladi.
Ogohlantirish sifatida ta’kidlanadiki, fuqarolar bukmekerlik va qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi shubhali reklama materiallariga ishonmaslikka, ularni tarqatmaslikka hamda bunday holatlar haqida vakolatli organlarga xabar berishga chaqiriladi.