O‘zbekistonlik operachi Italiyaning eng mashhur teatri bilan shartnoma imzoladi
Madaniyat-san’at
−
27 iyun 15429 1 daqiqa
Italiyaning mashhur “La Skala” opera va balet teatri o‘zbekistonlik opera xonandasi Aqlbek Piyazov bilan 2025-2027 yillar davomida faoliyat yuritish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
“La Skala” har ikki yilda iste’dodli xonandalarni saralab, 2 yillik ish shartnomasi asosida jahon sahnasida faoliyat yuritish imkonini beradi. Piyazov ushbu tanlovda ishtirok etish uchun 6 yil davomida tayyorgarlik ko‘rganini aytib, bu muvaffaqiyatdan juda hayajonlanganini bildirgan.
Saralashda 800 nafar nomzod orasidan O‘zbekiston, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Latviya, Qozog‘iston, Chili va Xitoy vakillari final bosqichiga yetib kelgan. Ular orasidan atigi 12 nafar operachi tanlab olingan, ulardan biri Aqlbek Piyazov sanaladi.
Bu muvaffaqiyatni Aqlbekning akasi, O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov sport yulduzlarining muvaffaqiyatiga qiyoslagan.
“Bu ayni paytda sportdagi Eldor Shomurodov yoki Abduqodir Husanov kabi jahon sahnasiga chiqqan san’at vakilimiz. Faqat bu safar bu madaniyatda yuz berdi. Endi o‘zbek operachilariga ham talab oshadi”, degan Jenisbek Piyazov.
Ma’lumot uchun, “La Skala” – Milandagi eng nufuzli opera teatrlardan biri bo‘lib, u yerda tarix davomida Verdi, Pussini, Pavarotti, Toskanini kabi afsonaviy san’atkorlar faoliyat yuritgan. Teatr 1778 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u dunyo opera san’atining markazlaridan biri hisoblanadi.
Live
Barchasi