O‘zbekistonlik maktab o‘quvchisi AQSHda jinsiy zo‘ravonlikka uchradi
3-sahifa
−
06 mart 82020 4 daqiqa
FLEX (Future Leaders Exchange Program) dasturi bo‘yicha AQSHga borgan o‘zbekistonlik qiz jinsiy zo‘ravonlikka uchradi. Bu haqda “Nemolchi” loyihasi xabar berdi.
QALAMPIR.UZ vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan bog‘landi. Elchixona vakili holatdan xabardor ekanligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonlik Mehribon ismli qiz 2025 yilda FLEX dasturi bo‘yicha O‘zbekistondan tanlangan 60 nafar finalchidan biri bo‘lgan. Bu – AQSH hukumati tomonidan to‘liq moliyalashtiriladigan madaniy almashinuv dasturi bo‘lib, u yuqori sinf o‘quvchilariga bir o‘quv yili davomida Amerika maktabida bepul o‘qish va qabul qiluvchi (host) oilada yashash imkonini beradi.
Qizni Indiana shtatidagi kichik shaharchada yashovchi, farzandsiz musiqa o‘qituvchilari oilasi qabul qilgan. Mehribonning ota-onasi ushbu oila bilan videomuloqot orqali tanishgan, er-xotin ilgari ham xorijlik bolalarni qabul qilganini aytib, ota-onada ishonch uyg‘otgan.
Ammo afsuski, oradan bir oy o‘tib, qabul qiluvchi (host) oiladagi erkak qizga jinsiy tegajog‘lik qila boshlagan va unga “tajriba orttirishni” taklif qilgan. Bu haqda qizning otasi – Azizbek Boltayev o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
“Qizim bo‘lgan voqeani FLEX dasturi koordinatoriga aytdi. Ammo dastur qizimni himoya qilish o‘rniga uni butunlay izolyatsiya qildi. Qizimni darhol boshqa oilaga ko‘chirib yuborishdi va bu biz bilan kelishilmadi. Bu xabarni menga keyingi kuni (9 soatlik vaqt farqini hisobga olgan holda) Toshkentdagi FLEX ofisi ma’lum qildi. Lekin qizim aynan qayerda va kim bilan ekanini aytishmadi”, deydi u.
Otaning aytishicha, qizi bilan bog‘lanishga uringanda uning telefoni o‘chirilgan bo‘lgan, messenjerlarda yuborilgan xabarlar javobsiz qolgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, koordinatori qizdan “xavfsizlik chorasi” sifatida telefonini o‘chirib qo‘yishni so‘ragan. AQSHdagi mahalliy koordinator ham, vaqtincha qabul qiluvchi oila ham qizning otasi bilan aloqaga chiqmagan. Qizga esa: “Biz sizning ota-onangizga hech qanday ma’lumot berishga majbur emasmiz”, deb aytgan.
Azizbek Boltayev Michigan universitetida dars beradigan do‘stidan qizini borib ko‘rishni so‘ragan. Biroq dastur vakillari “tashrif uchun ruxsat yo‘q” degan sabab bilan bunga yo‘l qo‘ymagan. Faqat otaning qat’iy talablari ortidan uchrashuv tashkil etilgan. Erkak qizi jismonan sog‘lom ekanini, biroq ruhiy bosim ostida qolayotganini aytgan.
Qizning otasi FLEX dasturi rahbariyatiga – Vashingtonga maktub yo‘llab, qizini bunday oilaga joylashtirganlik uchun kim javob berishini, qanday choralar ko‘rilishini va bunday holatlar takrorlanmasligi uchun nima qilinishini so‘ragan. Unga: “Afsusdamiz, biz vakolatlarimiz doirasida harakat qildik, dastur odatdagidek davom etadi”, degan javob berilgan.
“Bunday befarqlikdan so‘ng men qizimni zudlik bilan O‘zbekistonga qaytarilishini talab qildim. Mehribon uyga qaytgach, AQSH Davlat departamenti unga 10 oylik dasturni atigi 1,5 oyda tugatgan bo‘lsa-da, “Alumni” (birutiruvchi) maqomini berishdi. Lekin bu og‘zimizni yopish uchun berilgan arzon tasalli edi, xolos”, deydi Azizbek Boltayev.
Jabrlangan qizning oilasi Bolalar ombudsmani idorasi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaat qilgan. Bolalar ombudsmani idorasi: “Xat Tashqi ishlar vazirligiga yuborildi”, deb javob bergan. Vazirlik mas’ullari esa Adliya vazirligi vakillari bilan bog‘lanib, Toshkentdagi FLEX dasturi direktorini vaziyat yuzasidan tushuntirish berish uchun taklif qilgan. Biroq u savollarga javob bermasdan uchrashuvni tark etib: “Savollarni yozma shaklda yuboring, biz ham yozma tarzda javob beramiz”, degan.
Azizbek Boltayevning aytishicha, unga kelgan xabarlarga ko‘ra, Mehribon bilan bog‘liq voqea yagona holat emas. U shunday vaziyatga duch kelganlar bo‘lsa, o‘zi bilan bog‘lanishni so‘ramoqda.
Mazkur holat bo‘yicha AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiy izoh bergan. Xususan, elchixona Boltayevning qizi AQSHdagi FLEX dasturi almashinuv dasturida ishtiroki bilan bog‘liq xabardan xabardor ekanini bildirgan. Maxfiylik masalalari hamda AQSH qonunchiligi talablari sababli elchixona ushbu holat tafsilotlarini ochiq tarzda izohlab bera olmasligini ma’lum qilgan. Idora qizning otasi bilan aloqada ekanini va vaziyatga jiddiy yondashayotganini tasdiqladi. Shuningdek, FLEX dasturida bunday holatlarga javob berish va voyaga yetmaganlarni himoya qilish bo‘yicha belgilangan protokollar mavjudligi, o‘tkazilgan tekshiruv natijasida aynan shu holatda ham ushbu protokollarga rioya qilingani aniqlangani aytilgan. Almashinuv dasturlarida qatnashayotgan o‘quvchilarning xavfsizligi va farovonligi ustuvor vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Live
Barchasi