O‘zbekistonda usta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi
Jamiyat
−
09 fevral 2701 2 daqiqa
O‘zbekistonda usta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 5 fevral kuni qabul qilingan “2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari joriy etiladi:
- yuqori daromadli mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida usta dehqonlarga har 10 ta xonadonni ixtisoslashtirganligi uchun 2 mln so‘m hamda mahalladagi xonadonlarning 30 foizini ixtisoslashtirganligi uchun 75 mln so‘m miqdorida subsidiya;
- tomorqa va ijara yer maydonlaridagi samarasiz eski bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangilarini barpo etish uchun quyidagi subsidiyalar:
- sertifikatga ega mevali daraxt ko‘chati narxining 50 foizi, biroq har bir ko‘chat uchun meva turiga qarab 30 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
- mevalarning turiga qarab har bir o‘rnatilgan tirgak (ustun) narxining 50 foizi, biroq 70 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
- har bir sotixga yomg‘ir suvini yig‘ish va (yoki) tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun 160 ming so‘mgacha miqdorda;
- suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda tomorqa va ijara yer maydonlarini sug‘orish uchun tik quduqlarni burg‘ilash va quvvati 10 kVt soatdan kam bo‘lmagan quyosh panelini o‘rnatish uchun xarajatlarning 70 foizi, biroq 200 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027 yildan O‘zbekistondagi sholi va baliqchilik maydonlarida “aqlli” suv hisoblagichlar o‘rnatish majburiy etib belgilangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi