O‘zbekistonda sportchilar uchun alohida raqamli platforma ishga tushiriladi

Sport

image

O‘zbekistonda raqamlashtirishni keng joriy qilish orqali iqtidorli sportchilarni topish, saralash va ularni tayyorlash bo‘yicha ham yangi tizim joriy qilinadi. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Buning uchun alohida raqamli platforma ishga tushiriladi. Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning u yoki bu sportga qobiliyati aniqlanib, elektron platformaga kiritiladi. Sport maktablari bu mezonlar asosida o‘ziga yoshlarni tanlab, jismoniy va psixologik tayyorlab boradi. Sportchilarning kundalik natijalari, erishayotgan yutuqlari ham yagona elektron tizimga joylashtiriladi.

Sport federatsiyalari ham eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlarni terma jamoa yig‘inlariga chaqirib, ularni seleksiya qilib boradi. Terma jamoaga jalb qilingan yoshlar uchun jismoniy ko‘rsatkichlarni monitoring qiladigan raqamlashgan tizim yaratiladi. Natijada sportchilarning ko‘rsatkichlari xorijiy yoki tor soha mutaxassislariga onlayn yuborilib, tavsiyalar olish imkoni yaratiladi. 

Shuningdek, sportchilar kasal bo‘lganida, ular qanday dori vositalarini iste’mol qilishi mumkin yoki mumkin emasligi bo‘yicha platformada onlayn konsultatsiyalar berib boriladi. Buning hisobiga doping bilan bog‘liq noxush holatlarning oldi olinadi. Bu tizim nafaqat sportchilar, balki ularning murabbiylari faoliyatini ham baholab borishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident nogironlik toifasini barvaqt aniqlash bo‘yicha topshiriq bergani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev sportchi O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing