O‘zbekistonda poliomiyelit kuzatuvi kuchaytirildi. Bu qanday kasallik?
Jamiyat
−
26 mart 2021
10535O‘zbekistoda poliomiyelit va o‘tkir shol falajining (O‘SHF) faol epidemiologik kuzatuvini kuchaytirish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekistonda poliomiyelit kasalligi uchramaydi, lekin chet davlatlardan kirib kelgan shaxslar mahalliy aholiga yuqtirishi mumkin. Shu kunlarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qo‘shni Tojikistonda poliomiyelit epidemiyasi boshlanganligi haqida xabar berdi. Vaziyat favqulodda holat deb tasniflanib, murakkabligi ikkinchi darajali ekanligi aytilmoqda. Poliomiyelit Afg‘onistonda ham qayd etilmoqda.
O‘tkir paralitik falajni nazorat qilish bo‘yicha epidemiologik vaziyatni o‘rganish uchun Sanitariya xizmati mutaxassislari Tojikiston va Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan Surxondaryo viloyatiga safar uyushtirdi. Shuningdek, davlat chegarasining sanitariya nazorati punktlarida (SNP) va davolash-profilaktika muassasalarida o‘tkir shol falajining faol epidemiologik kuzatuvini kuchaytirishni tashkil etish va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlashga tayyorlash bo‘yicha amaliy va maslahat yordami ko‘rsatilgan.
Surxondaryo viloyati hududida yovvoyi poliovirusning 2-turi tarqalishining oldini olish maqsadida 10−20 mart kunlari 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida ommaviy emlash o‘tkazilgan.
Poliomiyelit qanday kasallik?
Poliomiyelit yuqori infeksiyali kasallik bo‘lib, uni viruslar chaqiradi. Kasallik asab tizimini shikastlaydi bir necha soatlarda umumiy falajlikka olib kelishi mumkin. Poliomiyelit asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yuqadi. Har 200 bemorning birida tuzatib bo‘lmas falajlik rivojlanadi. Bunday odamlarning 5-10 foizi nafas muskullarining falajlanishi boshlanishi tufayli nobud bo‘ladi.
Dunyoda kamida bitta kasallangan bola bor yekan, barcha mamlakatlardagi bolalar poliomiyelit bilan kasallanish xavfi ostida bo‘ladi.
LiveBarchasi