O‘zbekistonda noqonuniy qurilish uchun jazo kuchaytirilmoqda
Jamiyat
−
14:13 2751 2 daqiqa
O‘zbekistonda noqonuniy qurilish uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Bu haqda bugun, 11 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan shaharsozlik sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasida so‘z boradi.
Qonun loyihasi bilan Shaharsozlik kodeksi va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, shaharsozlik talablarini qo‘pol ravishda buzganlik, ya’ni noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish, shuningdek, qurilish-montaj ishlarini bosh reja, master-reja va qurilish loyihasi talablarini buzgan holda amalga oshirish, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hajmdan katta bo‘lgan imoratlar, bino va inshootlarni vakolatli organni xabardor etmasdan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Sohada Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining shaharlarni kompleks rivojlantirish sohasidagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash, noqonuniy qurilishlarni qisqartirish, qurilish bozorida halol raqobat muhitini ta’minlash, yer va ko‘chmas mulk resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Shuningdek, fuqarolarning ko‘p kvartirali uylar qurilishiga yo‘naltirilayotgan mablag‘larini himoya qilish hamda aholi uchun urbanizatsiya tamoyillari asosida xavfsiz va zamonaviy shahar muhitini shakllantirishga huquqiy zamin yaratadi.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi