O‘zbekistonda metall mahsulotlariga ehtiyoj 1,5 barobar oshishi kutilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda metall mahsulotlarga yillik ehtiyoj 2030 yilgacha 1,5 barobar oshishi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 13 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazayotgan qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda so‘z bordi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari qora metallurgiya qurilish, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi jami 50 milliard dollarlik iqtisodiyot tarmoqlari uchun asosiy xomashyo manbalaridan biri ekanini ta’kidlagan.

Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazib, yalpi ichki mahsulotni 2030 yilda 240 milliard dollarga yetkazish uchun yiliga kamida 8-9 foizli o‘sishni ta’minlash zarurligi qayd etilgan.

Shu bilan birga, sohada importga qaramlik, tannarx va energiya sarfining yuqoriligi, raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy qilish bo‘yicha natijalar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ayniqsa, jahondagi ziddiyatlar va asosiy transport yo‘laklaridagi logistika muammolari sharoitida qora metallurgiyada xomashyo bazasini mustahkamlash, mahsulot turi va sifatini oshirish har qachongidan ham dolzarb ekani ta’kidlangan.

So‘nggi o‘n yilda mamlakatda po‘lat list, navli prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga ehtiyoj 3 karra ortib, 5,5 million tonnaga yetgan.

Yangi qurilayotgan atom elektr stansiyasi, To‘rtinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodining o‘ziga 2,5 million tonnaga yaqin po‘lat list va armatura kerak bo‘ladi.

Kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik yangi quvvatlar ishga tushiriladi, 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari amalga oshirilib, 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi. Natijada metall mahsulotlariga yillik ehtiyoj 2030 yilgacha 1,5 barobar ko‘payib, 8 million tonnadan ortadi.

Davlat rahbari mutasaddilarga ushbu ehtiyoj qaysi quvvatlar hisobidan ta’minlanishi yuzasidan aniq hisob-kitoblar bo‘lishi zarurligini ko‘rsatib o‘tgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing