O‘zbekistonda qaysi sohalarda ish haqi oshgani aytildi
Jamiyat
−
27 Oktabr 2025 12869 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida o‘rtacha ish haqi 6 mln 166,9 ming so‘mni tashkil etdi, ya’ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga o‘sgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotda keltirilgan.

Hududlar kesimida o‘rtacha ish haqlari Toshkent shahrida 10 mln 379,6 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,7 foizga o‘sgani kuzatildi. Shuningdek, bu ko‘rsatkich Samarqandda 4 mln 853,3 ming so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 124,8 foiz), Namanganda 4 mln 543,8 ming so‘mni (120,9 foiz), Sirdaryoda 4 mln 930,8 ming so‘mni (120,7 foiz), Farg‘onada 4 mln 574,5 ming so‘mni (119,8 foiz) va Jizzaxda 4 mln 589 ming so‘mni (119,2 foiz) tashkil etgan.

O‘z o‘rnida, o‘rtacha ish haqi Andijonda 4 mln 996,5 ming so‘mni (112 foiz), Navoiyda 7 mln 612,3 ming so‘mni (115,1 foiz), Qashqadaryoda 4 mln 270,8 ming so‘mni (117,2 foiz), Toshkent viloyatida 5 mln 803,6 ming so‘mni (117,3 foiz), Xorazmda 4 mln 833,7 ming so‘mni (117,6 foiz), Qoraqalpog‘istonda 4 mln 902,3 ming so‘mni (117,6 foiz), Buxoroda 4 mln 953,1 ming so‘mni (118,2 foiz) hamda Surxondaryoda 4 mln 347,2 ming so‘mni (118,4 foiz) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan o‘sish sur’ati pastroq ekani kuzatilgan.
O‘rtacha ish haqi iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori o‘sish sur’atlari san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida qayd etildi. Xususan, mazkur sohada 2024 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 122,8 foizni tashkil yetib, ish haqi miqdori 5 mln 114,7 ming so‘mga yetgan.

Shuningdek, ta’lim yo‘nalishida ham sezilarli o‘sish qayd yetilib, ish haqi miqdori 4 mln 188,5 ming so‘mni tashkil etdi (o‘sish – 19,8 foiz). Tashish va saqlash sohasida o‘rtacha ish haqi 9 mln 382,1 ming so‘mni tashkil etib, 16,7 foizga, axborot va aloqa sohasida esa 14 mln 985,8 ming so‘mga yetgan (16,6 foiz o‘sish). Sanoat sohalarida o‘rtacha ish haqi 7 mln 301,0 ming so‘mni tashkil etib, 16,3 foizga oshgani qayd etildi.
Shu bilan birga, qurilish sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 342,6 ming so‘m bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,2 foizga oshdi. Yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida bu ko‘rsatkich 5 mln 122,8 ming so‘mni tashkil etib, 10,1 foizga, savdo sohasida 6 mln 875,6 ming so‘mni tashkil etib, 12,1 foizga, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar yo‘nalishida 3 mln 765,4 ming so‘mni tashkil etib, 14,6 foizga oshdi. Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasida esa o‘rtacha oylik ish haqi 16 mln 828,9 ming so‘mni tashkil qilib, 15,6 foizga o‘sdi.
Live
Barchasi