O‘zbekistonda “Islom ma’rifati” stipendiyasi joriy etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi magistr va doktorantlar uchun “Islom ma’rifati” stipendiyasi joriy etiladi. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari va uni yanada rivojlantirish rejalari yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, taqdimotda o‘tgan davrda markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berilgan. Markaz joriy yilning 17 mart kuni muhtasham binoda rasman ish boshlagan. 1 iyun holatiga ko‘ra, markazga yarim million nafar mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar kelgan. Kunlik tashriflar soni o‘rtacha 6 ming nafarni tashkil etmoqda. Shu davrda muassasaga 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya va 2 ming nafardan ziyod xorijiy mehmonlar tashrif buyurgan. 

Majmua tarkibida Bolalar muzeyi tashkil etilgan, Imom Buxoriy innovatsion muzeyining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Binoda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi joylashtirilgan. Gid-ekskursovodlar va nazoratchilar xizmati tashkil qilingan.

Ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilgan. Bu ishlarda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan.

Markazda konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, mahorat darslari va kitob taqdimotlari tashkil etib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarga bugunga qadar 5 mingdan ziyod ishtirokchi jalb etilgan. 

Madaniy merosni qaytarish va fondlarni boyitish yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Jami 1 mingdan ziyod artefakt O‘zbekistonga qaytarildi. Markaz kutubxona fondi ham boyitilmoqda. Hozirgi kunda fond tarkibida 3 mingdan ortiq nodir nashr mavjud bo‘lib, 762 tasi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mo‘ljallangan. Fond raqamlashtirilmoqda, elektron chiplar o‘rnatilmoqda.

Muassasa faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar va raqamli innovatsiyalar ham keng joriy etilmoqda. Mehmonlar uchun robot-gidlar xarid qilindi, multimedia va interfaol qurilmalar ekspozitsiyalarga joylashtirilgan.

Markaz “Dunyoning eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida “Ginnessning jahon rekordlari kitobi”ga kiritildi. 

Bildirilishicha, taqdimotda markazni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar ham ko‘rib chiqilgan.

Avvalo, ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilingan. Markazning ilmiy jurnalini xalqaro “Scopus” va “Web of Science” bazalariga kiritish, ilmiy markazlarning yagona integratsiyalashgan platformasini yaratish, qo‘lyozmalarning raqamli katalogini tayyorlash rejalashtirilgan.

Diniy-ma’rifiy sohadagi magistr va doktorantlar uchun “Islom ma’rifati” stipendiyasini joriy etish, dunyoga mashhur olim va ekspertlarning kitoblari taqdimotlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Kelgusi bosqichda 20 ming nafar yoshlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari, jumladan, imom-xatiblar va otinoyilarni markaz faoliyatiga jalb etish ko‘zda tutilmoqda. 

Madaniy merosni qaytarish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqilgan. Mazkur yo‘nalishda jahon auksionlari, muzeylar, xususiy kolleksiyalar va xalqaro san’at bozorlarida O‘zbekistonga mansub nodir artefaktlarni izlash, aniqlash, ilmiy o‘rganish, ekspertizadan o‘tkazish, muzokaralar olib borish va ularni qaytarish bo‘yicha doimiy mexanizm yaratish zarurligi qayd etilgan.

Shuningdek, dunyo bo‘ylab O‘zbekiston madaniy merosini doimiy monitoring qilish, madaniy meros ob’ektlarining yagona raqamli ma’lumotlar bazasi va xalqaro reyestrini shakllantirish, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bu borada Xitoy, AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosiga oid kolleksiyalar bo‘yicha ham ishlar olib boriladi. 

Media va xalqaro targ‘ibot ishlarini kuchaytirish rejalari ham muhokama qilingan. 

“Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida I xalqaro Islom forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, BMTning Nyu-York va Jenevadagi tuzilmalari hamda UNESCO’ning Parijdagi qarorgohida Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilmoqda.

Markaz taqdimotlarini 55 ta davlatda tashkil etish, “Islomda ayollarning o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya va ko‘rgazma o‘tkazish, Oksford islom tadqiqotlari markazi, ICESCO, IRCICA, TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishga ko‘rsatma berilgan.

Xorijiy jurnalistlar va xalqaro media tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida press-turlar, xalqaro media klublar va media anjumanlar tashkil etiladi. Markaz brendini global miqyosda mustahkamlash uchun fotoko‘rgazmalar, tematik taqdimotlar hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda davra suhbatlari o‘tkaziladi.

Shuningdek, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga keluvchi ziyoratchi va sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, tashriflarni tartibli va mazmunli tashkil etish, ularga axborot va gid xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, Islom sivilizatsiyasi markazi xalqning boy madaniy merosi, ma’rifatparvarlik an’analari va Yangi O‘zbekistonning ma’naviy yuksalishini dunyoga namoyon etadigan maskan bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan.

Mutasaddilarga markaz faoliyatini tizimli rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini kengaytirish, madaniy merosni qaytarish bo‘yicha doimiy mexanizm yaratish, muzey fondlarini boyitish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro media targ‘ibotni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing