O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilanib, birinchi marta yozgi iste’mol hajmi qishgi iste’mol hajmini ortda qoldirdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Milliy dispetcherlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil
16 iyuldan 21 iyulgacha bo‘lgan anomal issiq davrda O‘zbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli va yuklamasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etilgan. Xususan, birinchi marta elektr energiyasi iste’molida yozgi ko‘rsatkichlar qishki maksimal ko‘rsatkichlardan oshgan. Jumladan:

  • 2025 yil 18 iyul kunlik iste’mol miqdori 272,6 mln kVt•soat, bu qishki maksimumdan (271,8 mln kVt•soat) va avvalgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt•soat) oshib ketdi.
  • Kecha, 21 iyul kuni soat 17:00 da energetika tizimining maksimal quvvati 13,3 GVtga yetdi, bu qishki rekorddan (12,5 GVt) va 2024 yil iyul oyidagi ko‘rsatkichlardan (11,8 GVt) yuqori.

Eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etilgan. Xususan:

  • Sutkalik iste’mol - 32,4 mln kVt•soat (2024 yilda kuzatilgan maksimal iste’mol - 30,5 mln kVt•soat)ga yetib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 33%ga ko‘pni tashkil etgan.
  • Eng yuqori yuklama soat 14:52 da — 1811 MVt (2024 yilda - 1680 MVt)ni tashkil qilgan;
  • Joriy iste’mol darajasi 2024 yil iyul oyining shu davriga nisbatan 7,6 foizga yuqori bo‘lib, oy boshidan buyon o‘sish 11,0 foizni tashkil etgan.

Bildirilishicha, iste’mol yuqori paytlarda elektr tarmoqlarida uzilishlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning filiallarida tunu kun ishlaydigan avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etilgan. Ular yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etib bormoqda.

“Ayrim joylardagi elektr ta’minotida kuzatilayotgan uzilishlar tufayli iste’molchilardan uzr so‘raymiz. 

Shu o‘rinda iste’molchilardan elektr energiyasidan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz. Zarurat bo‘lmagan hollarda elektr jihozlaridan foydalanmaslik orqali ham barchamiz tizimda yuklamaning ortishini, nosozlik va uzilishlar sodir bo‘lishini oldini olishga katta hissa qo‘shamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

elektr O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing