O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish talablari belgilandi
Jamiyat
−
07 avgust 2025 5473 1 daqiqa
Endi O‘zbekiston hududida jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan va (yoki) ko‘paytiriladigan hayvonlar belgilangan tartibda identifikatsiya qilinishi hamda ro‘yxatga olinishi kerak. Bu kecha, 6 avgust kuni qabul qilingan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.
Qonunga ko‘ra, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mazkur sohada vakolatli davlat organ hisoblanadi.
Qonunda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olishning quyidagi muddatlari belgilangan:
- qoramol, ko‘y, echki va tuyalar – tug‘ilganidan 14 kundan keyin;
- otlar – tug‘ilganidan 4 oydan keyin;
- cho‘chqalar tug‘ilganidan – 1 oydan keyin;
- itlar va mushuklar – tug‘ilganidan 3 oydan keyin.
Bunda hayvonlar ko‘rsatilgan muddatlar tugaganidan keyin 1 oydan kechiktirmay identifikatsiya qilinishi va ro‘yxatga olinishi kerak.
Saqlash va (yoki) ko‘paytirish maqsadida O‘zbekistonga olib kiriladigan hayvonlar olib kirilgan sanadan e’tiboran 21 kundan kechiktirmay identifikatsiya qilinishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollar olib kelinishi va mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali ularning soni 2029 yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazilishi xabar qilingandi.