O‘zbekiston yuqori daromadli davlat bo‘lishi uchun 1 asr kerak – Jahon banki
Jamiyat
−
14 avgust 8453 2 daqiqa
O‘zbekiston yuqori daromadli davlatga aylanishi uchun, ya’ni aholi jon boshiga daromad 14 ming dollardan oshishi uchun kamida 100 yil kerak bo‘ladi. Qozog‘istonning bunga 30 yil ichida erishishi kutilmoqda. Bu haqda Jahon bankining “Tadbirkorlik, texnologiyani joriy etish va innovatsiyalar orqali o‘sishni jadallashtirish” nomli hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, 3 ta davlat – O‘zbekiston, Ozarbayjon va Tojikistonning yuqori daromadli davlatga aylanishi uchun kamida 100 yil vaqt talab etiladi. Buning uchun davlatlar aholisining jon boshiga yalpi ichki daromadi 14 ming 5 dollarga yetishi kerak. Shuningdek, Jahon banki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 2025-2026 yillarda 5,9 foiz bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Boshqa davlatlar, xususan, Turkiya, Qozog‘iston va Turkmaniston bu ko‘rsatkichga yetishi uchun taxminan 28-30 yil, shuningdek, Qirg‘iziston, Ukraina va Belarusga 70 yil vaqt kerak bo‘ladi. Prognoz mamlakatlar iqtisodining oxirgi 10 yillikdagi o‘rtacha o‘sishi asosida keltirilgan.
Biroq iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, 10 yillik davr olinganda pandemiyadagi pasayish, shuningdek, davr boshida Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston (daromadlari)da kuzatilgan chuqur pasayishlar o‘rtacha o‘sishga sezilarli ta’sir qilgan.
“Agar daromadlarning pandemiyadan keyingi davrdagi o‘rtacha o‘sishini olsak, hisob kitoblarimga ko‘ra, jon-boshiga daromadlar Qozog‘istonda 2026 yilning o‘zida 14 ming dollarlik darajadan o‘tadi. Shuningdek, Turkmaniston 2034 yilda, Tojikiston 2037 yilda, O‘zbekiston esa 2042 yilda bu darajadan o‘tishi mumkin. Ya’ni O‘zbekiston baribir mintaqada bu darajaga eng oxirgi yetadigan mamlakat bo‘ladi (so‘nggi 4 yildagi o‘rtacha o‘sish bilan)”, deb yozadi iqtisodchi o‘zining Telegram-kanalida.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilda O‘zbekistonda aholi jon boshiga hisoblangan YAIM hajmi 3 092 dollarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,2 foizga oshgani xabar qilingandi. YAIM tarkibida bozor xizmatlari 8,2 foizga, sanoat ishlab chiqarish 6,6 foizga, qurilish ishlari 10,7 foizga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 4 foizga oshgan.
Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov O‘zbekistonda 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmi 160 mlrd dollardan 200 mlrd dollargacha ko‘tarilishi mumkinligini aytgan edi.
Live
Barchasi