O‘zbekiston va Jazoir tog‘-kon sohasida yirik hamkorlikni boshlaydi

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida tog‘-kon sanoati, geologiya-qidiruv ishlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

Jazoir tog‘-kon sanoati vaziri Munir Xanifi bilan uchrashuvda ikki davlatning tabiiy boyliklar va geologiya sohasidagi salohiyati yuqori ekani ta’kidlanib, mazkur yo‘nalish ikki tomonlama hamkorlikning yangi o‘sish nuqtalaridan biri sifatida qayd etilgan.

Tomonlar geologiya-qidiruv ishlarini birgalikda olib borish, istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini muhokama qilgan.

Jazoir tashqi savdo va eksportni rivojlantirish vaziri Kamol Raziq bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda esa savdo hajmini oshirish, yangi logistika yo‘laklarini yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini rag‘batlantirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, Hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda Al-Jazoir shahrida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasini o‘tkazish orqali ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish taklif etilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda geologiya sohasini modernizatsiya qilish, yangi konlarni aniqlash va strategik minerallar zaxirasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohada 3D seysmorazvedka, aerogeofizika va raqamli geologiya texnologiyalari joriy etilib, geologiya-qidiruv ishlari hajmi bir necha barobarga oshirildi. Mamlakat hududida litiy, volfram, molibden, titan, grafit va boshqa texnologik ahamiyatga ega 30 dan ortiq mineral turlari mavjud.

Shuningdek, 2030 yilgacha O‘zbekiston geologiya va tog‘-kon sanoatiga 30 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilishni rejalashtirgan. 2025 yilda mamlakat sanoat mahsulotlari hajmining qariyb 20 foizi ushbu tarmoq hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Jazoirdagi birinchi elchisi (qarorgohi Qohira shahrida) Mansurbek Qilichev Jazoir Tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgandi. https://qalampir.uz/news/uzbekistonning-zhazoirdagi-birinchi-elchisi-tayinlandi-135826


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing