O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi navbat muammosi hal qilindi

Olam

image

O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiylari chegara nazorat-o‘tkazish punktlaridagi avtomobil tirbandliklari muammosini hal qilishga erishdi. Bu haqda bugun, 5 iyun kuni O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi.

Tangriyev kecha, 4 iyun kuni kechqurun “Navoiy” nazorat-o‘tkazish punktidagi holatni ko‘rsatgan suratni e’lon qilgan. Unda hech qanday avtomobil ko‘rinmaydi. U ushbu rasm 4 iyun kuni soat 20:20 da olinganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, avtomobil navbatlari muammoni hal etish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida bartaraf etilgan.

Aynan shu kuni O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi rasmiylari Qozog‘iston tomonidagi “Kaplanbek” posti bilan tutash “Navoiy” chegara punktida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda Qurbon hayiti bayrami (6 iyun) arafasida yuzaga kelgan eng muhim muammo – yengil avtomobillarning uzoq navbatda turishi masalasi muhokama qilingan.

Tomonlar bu muammoni hal qilish uchun qo‘shimcha kuch va vositalarni safarbar etishga kelishib olgan. Shuningdek, “Navoiy” postida O‘zbekistonga kiruvchi transportlar uchun vaqtincha teskari harakat (revers) tashkil etilgan.

Tangriyevning aytishicha, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va savdo aloqalarining kengayishi natijasida ikki mamlakat o‘rtasida harakatlanayotgan odamlar va avtomobillar soni so‘nggi besh yilda ikki baravar oshgan. Faqat “Navoiy” postining o‘zida har kuni taxminan 40 ming piyoda va 2 ming avtomobil nazoratdan o‘tadi.

Shu bilan birga, Tangriyev navbatlarning butunlay yo‘q bo‘lishiga kafolat yo‘qligini bildirgan, chunki bir avtomobilni ko‘zdan kechirish o‘rtacha 5–10 daqiqa vaqt oladi. Shu sababli, u fuqarolarga xalqaro toifadagi bo‘lmagan, ammo uncha gavjum bo‘lmagan “Oq oltin” va “Malik” postlaridan foydalanishni tavsiya etgan. Ushbu postlardan har kuni 1500 ga yaqin piyoda va 250 dan ortiq avtomobil o‘tadi.

Muammoning yanada chuqurlashishiga ayrim postlarda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari ham sabab bo‘lmoqda. Xususan, “G‘ishtko‘prik” posti ta’mir tufayli yopilgan. O‘zbekiston tomoni ta’mirlash deyarli tugaganini bildirgan bo‘lsa-da, Qozog‘iston tomonidagi “Jibek joli” postida ishlar endi boshlangani aytilmoqda.  Bir muddat oldin ommaviy axborot vositalarida chegaradagi tirbandliklar, avtomobillarning kunlab navbatda turishi, issiqda sharoitlarning og‘irligi va Qozog‘iston tomoni bojxona xodimlari tomonidan pora talab qilinayotgani haqidagi holatlar haqida xabarlar e’lon qilingan. Haydovchilar ikki mamlakat hukumatini vaziyatga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 iyun kuni Qozog‘istonning Qarag‘andi viloyatida 5 nafar o‘zbekistonlik yo‘lovchisi bo‘lgan avtobusda yong‘in chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston chegara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing