Va’da. O‘zbekiston Fransiyaga nima bermoqchi?
Tahlil
−
14 mart
8744Rossiya-Ukraina mojarolari borasida AQSH o‘z siyosatini o‘zgartirayotgan bir davrda Yevropa Ittifoqiga “bosh-qosh bo‘layotgan” Emmanuel Makron O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirmoqchi va Mirziyoyevni katta hurmat, izzat-ikrom bilan kutib oldi. Unga quchoq ochdi, ko‘ksiga “Faxriy legion” ordenini taqib qo‘ydi. Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon uchinchi marta Fransiyaga bordi. An’anaga aylangan bu tashriflarning birinchisi 2018 yilda amalga oshirilgan bo‘lib, bu O‘zbekiston rahbarining so‘nggi 20 yilda Fransiyaga ilk tashrifi sifatida yodda qoldi va hammasi o‘shandan boshlandi.
Xo‘sh, bu safar ikki davlat rahbarlari nimaga kelishib oldi va avvalgi munosabatlar qanday edi? Fransiya O‘zbekistonni o‘z uran yetkazib beruvchisiga aylantiryaptimi? O‘zi O‘zbekiston dunyo sahnida kimlar bilan do‘st? Strategik shartnoma shartlari qanday? Men sizga aytsam, u mudofaadan tortib, iqtisodgacha, so‘z erkinligidan tortib, madaniy merosni himoya qilishgacha bo‘lgan bo‘limlarni qamrab oladi. O‘zbekistonning va’dasiga ko‘ra, mamlakatda inson huquqlari, so‘z va matbuot erkinligi ta’minlanishi va doimiy rivojlantirib borishi qo‘llab-quvvatlanishi kerak.
O‘zbekistonning 20 dan ortiq strategik sheriklari bor. Endi ular qatoriga Fransiya ham qo‘shildi. Xo‘sh, Prezidentlar imzolagan, 5 bo‘lim va 36 moddadan iborat strategik sheriklar to‘g‘risidagi deklaratsiyada kim qanday majburiyatlarni olgan?
Deklaratsiya avvalida tomonlar xalqaro huquqni hurmat qilish va har bir tomon tenglik, suverenitet, mustaqillik, hududiy yaxlitlik, chegaralar daxlsizligini va o‘zaro ishonchni hurmat qilish asosida o‘z munosabatlarini rivojlantirishi urg‘ulangan.
Har ikki tomon mintaqaviy tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlash tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Ya’ni hech kim, ayniqsa, Fransiya urush istamaydi. Ular xalqaro huquqqa zid bo‘lgan har qanday tahdid yoki kuch ishlatishga qat’iy qarshi chiqadilar. Faqat bu qarshilikda kuchlar birlashadimi yoki hamma o‘z holicha harakat qiladimi, bunisi mavhum.
Hujjatda Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik, barqaror rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi, Markaziy Osiyoning besh mamlakati davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari muhimligi alohida qayd etilgan. Bundan ko‘rinadiki, Fransiya Markaziy Osiyoning qolgan 4 davlati bilan ham O‘zbekiston orqali til bog‘lamoqchi.
Shuningdek, tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustaviga sodiqligini, xususan, har bir mamlakatning rivojlanishi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish muhimligini yana bir bor tasdiqlashi qayd etilgan. Fransiya va O‘zbekiston barcha sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro tashkilotlar doirasida, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, uning ixtisoslashgan muassasalari va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi hamkorlikni oshirishni istashi urg‘ulangan.
UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasining Samarqandda o‘tkazilishini qutlab, Fransiya va O‘zbekiston ushbu tashkilot doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligi bildirilgan.
Fransiya va O‘zbekiston madaniy merosni qurolli to‘qnashuvlar, iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlardan himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarini ham tasdiqlagan.
Davlat rahbarlari imzolagan hujjatda joriy yilning 3-4 aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti haqida ham so‘z borgan. Tomonlar Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishni rag‘batlantiradi hamda bir tomondan Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar, ikkinchi tomondan esa O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tezroq imzolanishidan umidvor.
Shuningdek, Fransiya va O‘zbekiston o‘zlarining tegishli institutlarini jalb qilish orqali qonun ustuvorligi sohasidagi o‘zaro almashinuvlarni chuqurlashtirish niyatida. 2023 yil 2 noyabrdagi Qo‘shma deklaratsiyaga muvofiq, Fransiya “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga hamda qator muammolarga qaramay, O‘zbekistonda demokratiya va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor. Tomonlar Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti institutlarini mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslar orqali qonun ustuvorligini rivojlantirishga ko‘maklashish uchun birgalikda harakat qilish tarafdori.
Ikkala tomon ham gender tengligi sohasida uzoq muddatli islohotlarni rag‘batlantirish va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga qarshi kurashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.
Fransiya va O‘zbekiston boshqaruv, parlament hamkorligi, davlat xizmatchilari malakasini oshirish, odil sudlov, korrupsiya va jazosizlikka qarshi kurash sohalarida hamkorlikni davom ettirishni istaydi. Ammo bulardan qanday natija bo‘ladi, bunga katta umid bog‘lashga hali erta.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari ham hujjatda nazardan chetda qolmagan.
Har ikki tomon o‘z ehtiyojlariga ko‘ra o‘z salohiyati va mustaqilligini mustahkamlash uchun mudofaa sohasidagi munosabatlarni rivojlantiradi. Shu maqsadda ular tuzilmaviy loyihalarni o‘rganish va amalga oshirish orqali mudofaa sanoati sohasida hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi.
Tomonlar umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan barcha mudofaa va xavfsizlik masalalari, xususan, siyosiy, harbiy va mudofaa sanoati sohalarida muntazam ravishda ikki tomonlama strategik muloqotlar o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Maslahatlashuvlar global strategik muhit, mintaqaviy muammolar, terrorizmga qarshi kurash, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi, qurol-yarog‘ nazorati, energetika muammolari, fuqaro muhofazasi, gibrid tahdidlar, dezinformatsiya, buzuvchi texnologiyalar va sun’iy intellekt kabi umumiy manfaatlarga ega mavzularni qamrab oladi. Bildirilishicha, Mudofaa texnikasi dasturlari bo‘yicha Fransiya va O‘zbekiston hamkorlikni davom ettirmoqda va bu borada muntazam almashinuvlarni rag‘batlantirmoqda.
Ma’lumki, Fransiya yadroviy davlatlardan biri bo‘lib, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma shartlariga ko‘ra yadro quroliga ega bo‘lishga “ruxsat berilgan” beshta davlatdan biridir. Bundan tashqari, u ommaviy qirg‘in qurollarining boshqa turlariga ega emas va 1995 yildan buyon Kimyoviy qurollar va 1984 yildan beri Biologik va toksin qurollari to‘g‘risidagi konvensiyaning a’zosi hisoblanadi. Fransiya 1960 yilda yadro bombasini sinovdan o‘tkazgan to‘rtinchi davlatdir. Fransiyada hozirda to‘rtta yadroviy suv osti kemasida joylashtirilgan 300 ga yaqin strategik jangovar kallaklar, shuningdek, 60 ta taktik havo kallaklari mavjud. Bu yadroviy qurollar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallaydi.
Xullas, hujjatda har ikki tomon 1968 yil 1 iyulda qabul qilingan Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani samarali amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashi va yadro xavfsizligini ta’minlashi e’tirof etilgan.
Qolaversa, tomonlar uyushgan jinoyatchilikka, xususan, giyohvandlik vositalari, qurol-yarog‘ va odam savdosiga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishni istaydi. Fransiya va O‘zbekiston mutaxassislar va malakali ishchilarning qonuniy va uyushgan migratsiyasini tuzib, tartibsiz immigratsiyaga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish niyatida.
Jinoyatchilikka qarshi kurashda axborot almashinuvini kuchaytirish va ikki davlat xavfsizlik tuzilmalari o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirish rejada. Unga ko‘ra, delegatsiyalar almashinuvi va o‘quv faoliyati chuqurlashtiriladi.
Iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va savdoni rivojlantirishga kelsak, tomonlar 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy yo‘l xaritasiga muvofiq quyidagi yo‘nalishlarda bir ovozdan strategik hamkorlikni mustahkamlash tarafdori bo‘lmoqda.
- aeronavtika va kosmik, energetika va sanoat;
- geologik qidiruv va tog‘-kon ishlab chiqarish;
- shahar kommunal xizmatlari (shu jumladan isitish, ichimlik suvi, kanalizatsiya, chiqindilarni boshqarish va boshqalar);
- suv resurslarini boshqarish; transport infratuzilmasi va uskunalari; logistika; turizm.
Ikkala tomon ham strategik foydali qazilmalar sohasida hamkorlik qilishga tayyor. Shu munosabat bilan tashrif doirasida Fransiyaning Orano va O‘zbekistonning “Navoiyuran” korxonasi Nurlikum Mining qo‘shma korxonasining Janubiy Jengeldi uran qazib olish loyihasini rivojlantirish uchun asos yaratadigan kelishuvni imzoladi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Janubiy Jengeldi loyihasi “Navoiyuran”ning mavjud sanoat bazasiga integratsiya qilinadi va loyiha operatori sifatida aynan shu kompaniya faoliyat yuritadi. Unga ko‘ra, Janubiy Jengeldi loyihasi 10 davomida uran ishlab chiqarishni ta’minlay oladi va yillik 700 metrik tonna uran qazib olishning eng yuqori darajasiga erishishi kutilmoqda.
Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyaga qaytsak, Fransiya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish istiqbolini qo‘llab-quvvatlaydi. Ikkala tomon ham savdoni rivojlantirish va diversifikatsiya qilishni, xususan, O‘zbekiston benefitsiar bo‘lgan GSP+ mexanizmi doirasida rag‘batlantirayotgani qayd etilgan.
Tomonlar kelishuvga ko‘ra, xalqaro transport koridorlari sohasida, xususan, Yevropaning “Global Gateway” strategiyasi doirasida hamkorlikni faollashtiradi. Ular barcha manfaatdor tomonlarning ishtirok etishini ta’minlash orqali mintaqaviy aloqani rag‘batlantiradi.
Yo‘l xaritasi doirasida ikki tomonlama munosabatlar uchun ustuvor va strategik deb topilgan iqtisodiy loyihalar belgilanadi. Bu, ayniqsa, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Fransiya-O‘zbekiston qo‘shma komissiyasi sessiyalarida muntazam yangilanib boriladi.
Ekologiya masalasi ham ustuvor. Tomonlar suv resurslarini boshqarish sayyora va iqlim uchun muhim muammo ekanligini tan oladi va bu sohada o‘zaro almashinuvlarni chuqurlashtirish niyatida.
Ular yashil iqtisodiyot, energiya samaradorligini oshirish, turli moliyalashtirish yo‘li bilan ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlanadi. Ular O‘zbekistonda iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni o‘zgartirishga hissa qo‘shadigan aniq loyihalarni moliyalashtirishni rag‘batlantiradi.
Ikki davlat xalqlari o‘rtasida o‘zaro tushunish va hamjihatlikni rivojlantirish maqsadida Tomonlar O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limi sohasida hamda o‘qituvchilar malakasini oshirishda fransuz tilini o‘qitish va amaliyotini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqchi.
Axborotni manipulyatsiya qilishga qarshi kurashish maqsadida har ikki tomon ham axborotning yaxlitligi va so‘z erkinligiga sodiqligini bildirgan. Biroq xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligi bilan bog‘liq muammolar yil sayin ortib borayotganini aytmoqda. Shuningdek, hujjatda tomonlar media-ta’lim sohasida qo‘shma loyihalar ishlab chiqishi, jurnalistlar va mustaqil ommaviy axborot vositalari salohiyatini oshirishni qo‘llab-quvvatlashi belgilangan.
Har ikki tomonning tashqi ishlar vazirliklari tegishli ma’muriyatlar bilan birgalikda ushbu Qo‘shma deklaratsiyaning, xususan, ikki tomonlama munosabatlarning strategik loyihalari amalga oshirilishini nazorat qilish uchun mas’ul.
LiveBarchasi
Trenddagilar

