O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazadi
Jamiyat
−
16:23 569 2 daqiqa
Bugun, 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidlagan.

Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy doiralar uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
O‘zaro savdo hajmi barqaror sur’atda o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. So‘nggi besh yilda bu ko‘rsatkich qariyb 3 barobar oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra salkam 1 milliard dollarga yetgan. Joriy yilning ortda qolgan davrida uning hajmi yana 30 foizga oshgan. 360 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Yetakchilar kuni kecha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq harakatlar kelishib olingani hamda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, mebelsozlik va sanoatning boshqa tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalaridan iborat chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganini olqishlagan.
O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va shu sohada infratuzilmani barpo etish borasidagi tajribani almashishdan manfaatdor ekani bildirilgan.
Kecha Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi O‘zbekiston-Belarus hududlararo forumining samarali natijalari alohida e’tirof etilgan. Uning yakunida savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining salmoqli to‘plami imzolangan.

Tomonlar xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilishlarini tasdiqlagan.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlangan.
Shavkat Mirziyoyev Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirgan.
Joriy yil oxiriga qadar qo‘shma turizm, tibbiyot va ta’lim forumlarini tashkil etishga kelishib olingan.
Yig‘ilish davomida qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraislarining hisobotlari hamda muzokaralar kun tartibi yuzasidan aniq takliflari ham tinglangan.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Aleksandr Lukashenkoga rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Minsk shahridagi Mustaqillik saroyida rasmiy tashrif bilan Belarus Respublikasida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazilgandi.
Live
Barchasi